Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Yosh olimlar va talabalarning “XXI ASR – INTЕLLЕKTUAL AVLOD ASRI” shiori ostidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani haqida ma`lumot



O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 4 martdagi 57-sonli bayoni bilan tasdiqlangan «O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar Dasturi»ning 32 bandida belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 17 sentyabrdagi 239-sonli «Yosh olim va talabalarning «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanini o`tkazish to`g`risida»gi bayonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2013 yil 28-29 noyabr kunlari Termiz davlat universiteti bazasida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo`lib o`tdi.

2013 yil 28 noyabr kuni soat 9.30 larda Termiz shahri vokzalida Toshkent-Termiz poezdida kelgan barcha anjuman ishtirokchilari tantanali kutib olindi, so`ngra ular 5 ta maxsus tashkil qilingan avtobuslarda Termiz davlat universitetiga keldilar.

Termiz davlat universitetining bosh binosi foyesida anjumanning barcha ishtirokchilari viloyatlar kesimida ro`yxatga olindi  va ularga anjuman dasturi, materiallar to`plami, ruchka va bloknotdan iborat papkalar tarqatildi.

Anjuman ishi boshlanishidan oldin TerDUda Anjuman uchun maxsus tashkil qilingan ko`rgazma namoyish etildi.

Anjuman o`z ishini soat 10.20 da Yalpi yig`ilish majlisi bilan boshladi.

Dastlab videorolik namoyish etildi.

Anjuman prezidiumida 5 nafar vakillar ishtirok etdilar, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste`dod» jamg`armasi ijrochi direktori A.Pardaev, O`zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi raisi o`rinbosari S.Ashurov, Surxondaryo viloyati hokimining o`rinbosari O`.Qobulov, Termiz davlat universiteti rektori M.Xaydarov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste`dod» jamg`armasi masofali o`qitish markazi direktori A.Abduqodirov.

Shuningdek, yalpi yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni mas`ul xodimi I.Nurmetov, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste`dod» jamg`armasi masofali o`qitish markazi direktori o`rinbosari I.Xamidov hamda 18 nafar ekspert komissiyasi a`zolari ishtirok etdilar.

Anjumanning yalpi yig`ilishini O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste`dod» jamg`armasi ijrochi direktori A.Pardaev olib bordi.

Anjumanning yalpi yig`ilishida kirish so`zi bilan Surxondaryo viloyati hokimining o`rinbosari O`.Qobulov so`zga chiqdi.

Shuningdek, yalpi yig`ilishda:

- Andijon davlat universitetining talabasi Sh.Mamajonova «Globallashuv jarayonida yoshlar ma`naviyatining shakllanishida milliy-ma`naviy qadriyatlarning roli»;

- Buxoro davlat universiteti magistranti Yu.Jamilov «Qishloq xo`jaligi maxsulotlarini quritishga mo`ljallangan muqobil energiya qurilmalari»;

- O`zbekiston Milliy universiteti qoshidagi matematika instituti katta ilmiy-xodim-izlanuvchisi R.To`raev «Parabolicheskie modeli so svobodnoy granitsey» mavzularida ma`ruzalar qilishdi.

Yalpi yig`ilishdan keyin anjuman ishida qatnashayotgan 160 nafardan ortiq ishtirokchilar 5 ta avtobusda Xakim at-Termiziy ziyoratgohiga tashrif buyurishdi.

Ziyoratdan keyin soat 13.00 dan 14.00 gacha TerDUning oshxonasida anjuman ishtirokchilariga tushlik tashkil qilindi.

Tushlikdan so`ng 14.00 dan boshlab anjuman ishtirokchilari 3 ta auditoriyada sektsiya yig`ilishlarida ish boshladilar. Yig`ilishlarda jami 174 nafar anjuman ishtirokchilari qatnashdilar. jumladan, dasturga kiritilgan 55 nafar yosh olim va talabalar hamda 59 nafar yosh olimlar kengashlari raislari qatnashdilar.

Xususan:

- Ijtimoiy-gumanitar fanlar sektsiyasida (anjumanlar zali) dasturda e`lon qilingan 19 nafar yosh olim va talabalar hamda 15 nafar yosh olimlar kengashlari raislari qatnashdilar. Sektsiya yig`ilishida jami 65 nafar qatnashchilar ishtirok etdilar.

- Tabiiy fanlar sektsiyasida (TerDU binosining 107-xonasi) dasturda e`lon qilingan 18 nafar yosh olim va talabalar hamda 11 nafar yosh olimlar kengashlari raislari qatnashdilar. Sektsiya yig`ilishida jami 55 nafar qatnashchilar ishtirok etdilar.

- Aniq fanlar sektsiyasida (TerDU binosining 106-xonasi) dasturda e`lon qilingan 18 nafar yosh olim va talabalar hamda 10 nafar yosh olimlar kengashlari raislari qatnashdilar. Sektsiya yig`ilishida jami 54 nafar qatnashchilar ishtirok etdilar.

28 noyabr kuniga rejalashtirilgan sektsiyalar yig`ilishlari 18.00 da o`z ishini yakunladi.

18.00 dan 19.15 gacha 174 nafar ishtirokchilarga TerDU oshxonasida kechki ovqat tashkil etildi.

19.30 dan boshlab Mannon Uyg`ur nomli teatrda maxsus dastur asosida 170 dan ortiq anjuman ishtirokchilari uchun kontsert dasturi tashkil qilindi.

29 noyabr kuni anjumanning sektsiya ishlari davom etib, o`z ishlarini 11.00 da tugatdi. Jami sektsiyalarda 55 nafar yosh olimlar va talabalardan 47 nafarining ma`ruzalari tinglandi.

Anjuman sektsiyalari yakunida moderator va ekspertlar sovrindor va faol ishtirokchilarni aniqladilar.

Respublika anjumani yakuniy yalpi majlisi o`z ishini 11.00 da boshladi. Anjuman prezidiumida 4 nafar mas`ul xodimlar ishtirok etdilar, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas`ul xodimi B.Shermuxamedov, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining o`rinbosari B.Usmonov, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste`dod» jamg`armasi ijrochi direktori A.Pardaev va Termiz davlat universiteti rektori M.Xaydarov.

Anjumanning yakuniy yalpi yig`ilishini O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste`dod» jamg`armasi ijrochi direktori A.Pardaev olib bordi.

Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas`ul xodimi B.Shermuxamedov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining o`rinbosari B.Usmonovlar so`zga chiqdilar. So`ngra sektsiya moderatorlarining sektsiya ishlari bo`yicha xulosalari tinglandi.

Respublika anjumanida faol qatnashgan va sovrinli o`rinlarni egallagan yosh olim va talabalarga diplom hamda qimmatbaho sovg`alar berildi, jumladan:

ijtimoiy-gumanitar fanlari sektsiyasida:

«Bola huquqlari va qonunchilik asoslari» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Qoraqolpoq davlat universiteti 4-kurs talabasi, Navoiy nomidagi davlat stependianti (2013 yilda), Fond Forum va Mehr nuri jamg`armalarining «Iqtidorli talabalar uchun stependiyalar dasturi» g`olibi (2012 yil) Qutlimurodova Nasiba Qalbaevnaga sovrinli 1-o`rin diplomi va keng formatli LCD televizori;

«Ahmad Donishning mustahkam oila va farovon turmush tarziga oid qarashlari» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Buxoro davlat universiteti 2-bosqich katta ilmiy-xodim izlanuvchisi, Respublika ilmiy ishlar tanlovining tarix, falsafa va huquq sohasi bo`yicha II-o`rin sohibi Jumaev Rustam G`anievichga 2-o`rin diplomi va fleshkali musiqiy markaz;

«Paronomiya va unga yondosh hodisalar» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Qarshi davlat universiteti o`zbek tilshunosligi kafedrasi o`qituvchisi Nafasova Vazira To`raevnaga 3-o`rin diplomi va DVD qurilmasi berildi;

tabiiy fanlar sektsiyasida:

«Ko`zning gerpetik kasalliklarini zamonaviy diagnostikasi va kompleks davolashning immunologik-infektsion tamoyillari» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti katta ilmiy-xodimi, Ibn Sino mukofoti hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mustaqillikning 10 yilligi» ko`krak nishoni sovrindori, 60 dan ziyod ilmiy maqolalar chop etgan Yo`ldosheva Mo``tabar Nematullaevnaga sovrinli 1-o`rin diplomi va keng formatli LCD televizori;

«Surxondaryo viloyati sharoitida Stevia Rebaudiana Bertoni ni iqlimlashtirish istiqbollari» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Termiz davlat universiteti o`qituvchisi, biologiya fanlari nomzodi Begmatov Abdusamat Mamatqulovichga 2-o`rin diplomi va fleshkali musiqiy markaz;

«Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini quritishga mo`ljallangan muqobil energiya qurilmalari» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Buxoro davlat universiteti 2-bosqich magistranti, Qoraqalpoq universitetida o`tkazilgan ilmiy tadqiqotlar tanlovi g`olibi, «Talaba bahori» respublika anjumani sovrindori, 8 ta ilmiy maqola chop etgan, 1 ta mualliflik guvohnomaga sazovor bo`lgan Jamilov Yusuf Yunus o`g`liga 3-o`rin diplomi va DVD qurilmasi berildi;

aniq fanlar sektsiyasida:

«Parabolicheskie modeli so svobodnoy granitsey» mavzusidagi ma`ruzasi uchun O`zbekiston Milliy universitet qoshidagi Matematika instituti katta ilmiy-xodim-izlanuvchisi, 30 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi To`raev Rasul Nortojievichga sovrinli 1-o`rin diplomi va keng formatli LCD televizori;

«On the number of invariant hyperplanes of system hesse» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti katta-ilmiy-xodim-izlanuvchisi, fizika-matematika fanlari nomzodi Boytillaev Dilmurod Axmatalievichga 2-o`rin diplomi va fleshkali musiqiy markaz;

«Kratkiy analiticheskiy obzor sovremennix texnologiy, polucheniya alternativnix topliv» mavzusidagi ma`ruzasi uchun Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti assistenti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, Xalqaro anjumanlar maxsus sertifikati hamda «Mustaqillikning 20 yilligi» ko`krak nishoni sovrindori, 30 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi Xoliqova Xurshida Abdullaevnaga 3-o`rin diplomi va DVD qurilmasi berildi.

Shuningdek, sektsiya ishlarida faol qatnashgan yana 10 nafar yosh olim va talabalarga, jumladan:

ijtimoiy-gumanitar fanlar sektsiyasida: Oripov Shuhratjon Orif o`g`li (TDPU katta-ilmiy-xodim-izlanuvchi); Djabbarova Nilufar Baxtiyorovna (UrganchDU talabasi); Karimova Saida Maxamatqodirovna (GulistonDU talabasi); Egambergenova Matlyuba Jabborovna (UrganchDU talabasi);

tabiiy fanlar sektsiyasida: Yuldasheva Guljahon Toirovna (Toshkent vrachlar MOI katta ilmiy-xodim-izlanuvchisi); Norxodjaeva Aziza Muzaffarovna (QarshiDU 2-bosqich magistranti); Quchqarova Shoxida Davidovna (AndDTI 7-bosqich talabasi);

aniq fanlar sektsiyasida: Abidov Mirasror Mirvasiqovich (TDPU talabasi); Yusupov Baxtiyor Baxrombek o`g`li (UrganchDU o`qituvchisi); To`raev Akmal Atabekovich (BuxDU katta ilmiy-xodim-izlanuvichisi)ga O`zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashining qimmatbaho sovg`alari berildi.

Anjumanda qatnashgan barcha yosh olim va talabalarga anjuman ishtirokchisi sertifikatlari topshirildi.

  13.00 dan 15.00 gacha TerDU oshxonasida anjuman ishtirokchilari uchun tushlik tashkil etildi. Tushlikdan so`ng anjuman ishtirokchilari 5 ta avtobusda Termiz shahrida joylashgan Arxeologiya muzeyiga borildi.  

15.00 dan 16.00 gacha TerDU jamoasi va anjuman tashkilotchilari tomonidan anjuman qatnashchilariga temir yo`l vokzalida xayrlashuv tadbiri tashkil etildi. Tadbirda TerDU iqtidorli talabalarining chiqishlari bo`ldi.

16.40 da barcha anjumanga taklif etilgan yosh olim, talabalar hamda yosh olimlar kengashi raislari Termiz shahri vokzalidan poezda jo`nab ketdilar.

29 noyabr kuni «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostidagi anjuman o`z ishini muvaffaqiyatli yakunladi. Anjuman haqida videorolik va rasmlar olindi, Termiz OAVlarida, «Xalq so`zi» gazetasining 2013 yil 30 noyabrdagi №235 sonida ma`lumot e`lon qilindi. 30 noyabr kuni Yoshlar kanalining Davr hafta ichida dasturida anjuman ishlari keng yoritildi.