Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Iste’dod” jamg’armasida 2014 yil 13 martda o’tkazilgan konferensiya to’g’risida ma’lumot

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarini o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-1875-son Qarorida belgilangan vazifalarni bajarish va bu boradagi 2012 yil 21 dekabrdagi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Chet tillarini o’rganishni yanada rivojlantirish bo’yicha doimiy ishlaydigan Muvofiqlashtiruvchi kengashi majlisining 297-sonli, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 dekabrdagi majlisi 2-sonli va 2013 yil 28 dekabrdagi 377-sonli bayonlarida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash, Jamg’arma tomonidan 2013 yilda Buyuk Britaniyaning London Metropoliten universiteti hamda Norvich til o’qitish institutlarida maxsus dasturlar asosida 21 kunlik maqsadli malaka oshirish kurslarida ishtirok etib qaytgan respublikadagi turli ta’lim muassasalarining 88 nafar ingliz tili pedagog-o’qituvchilarining monitoringini olib borish va ularning kasbiy mahoratini takomillashtirish maqsadida joriy yilning 13 mart kuni Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «Ingliz tili o’qituvchilarining kasbiy mahoratini takomillishtirish» mavzusida konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyaning maqsadi hozirgi kunda respublika ta’lim muassasalarida chet tilini o’qitish bo’yicha faoliyat yuritayotgan o’qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish hamda ularga chet tilini o’qitish mobaynida samarali muhitni yaratish bo’yicha bilim va ko’nikmalar berishdan iborat.

Ushbu konferensiyaning ochilish marosimida Jamg’rama ijrochi direktori A.Pardaev, Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori S.Maknalti, Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori o’rinbosari J.Gulyamova va konferensiya moderatori sifatida maxsus taklif etilgan Buyuk Britaniyaning ingliz tilini o’qitish bo’yicha eng yetuk mutaxassisilaridan biri, Norvich til o’qitish instituti akademik rektori Rod Bolayto (Buyuk Britaniyaning Norvich til o’qitish instituti bazasida 2013 yilda malaka oshirgan 48 nafar ingliz tili o’qituvchilariga Rod Bolayto bevosita dars bergan va tinglovchilarda juda yaxshi taassurot qoldirgan), shuningdek O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Sh.Kayumov qatnashdilar.

Konferensiyada Rod Bolayto o’zining «Ingliz tili o’qituvchi va trenerlarining kasbiy mahoratini takomillashtirishning uzluksiz tizimini shakllantirish» mavzusidagi ma’ruzasi tinglovchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Konferensiyaning sho’ba qismida tinglovchilar 4 guruhga bo’linib, «Kasbiy mahoratni takomillashtirishning individual, hamkasabalar va ta’lim muassasalari uchun samarali tashkil qilishning yo’nalishlari» mavzusida guruh munozaralari bo’lib o’tdi. Munozaralar yakuni bo’yicha har bir guruhdan turlicha bo’lgan javoblar jamlangan holda tinglovchilarning faol ishtiroklarida o’zaro tahliliy muhokama qilindi. Fikrlar umumlashtirilib, Rod Bolayto tomonidan kasbiy mahoratni takomillashtirishning uzluksiz samarali tizimini yaratish yo’nalishlarining muhim jihatlarini belgilab berildi.

Ana shundan keyin tinglovchilar yana guruhlarga bo’linib, bu safar ular «Auditoriyalarda ingliz tilini o’rganish uchun samarali muhit yaratish» mavzusida bahs-munozaralar olib bordilar. Har bir guruh alohida-alohida taqdimotlar yaratishdi va o’z taqdimotlarini kompyuter displeylari, foto ko’rgazmalar orqali yoritib berishdi hamda umumiy munozara qilindi.

Konferensiyaning keyingi bosqichida respublika ta’lim muassasalari talablari hamda milliy ustuvorlikni hisobga olgan holda chet tili o’qituvchilari kasbiy mahoratini takomillashtirishning boshqa uslublari, jumladan trenerlarni shakllantirish, baholash, materiallarni takomillashtirish va chet tilini o’qitishda axborot texnologiyalaridan foydalanish uchun harakat rejalarini tuzish bo’yicha mashg’ulotlar olib borildi.

Respublikaning turli oliy ta’lim muassasalarida ingliz tilidan dars olib borayotgan o’qituvchilarni ingliz tili bo’yicha mos ko’nikmalarini oshirish, uni o’qitish bo’yicha metodik tayyorgarligi va kasbiy mahoratini takomillashtirish, konferensiya ishining samaradorligini oshirish va uning hududiy qamrovini kengaytirish va orttirilgan ko’nikma va bilimlarini chet tilini o’qitish jarayoniga tatbiq qilish, chet tili o’qitish samaradorligini ko’tarish muhitini yaratish usullarini respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari bo’yicha keng yoyish ishlarini olib borish maqsadida konferensiya davomida respublikaning 69 (58 ta OTM va 11 ta filial) oliy ta’lim muassasalari optik tolali milliy tarmoqqa ulanib videokonferensiya o’tkazildi. Videokonferensiyada Jamg’arma negizida qatnashayotgan va Buyuk Britaniya institutlarida o’z malakalarini oshirib kelgan 88 nafar tinglovchidan tashqari viloyat ta’lim muassasalarining 461 nafar ingliz tili o’qituvchilari bevosita joylarda ishtirok etdilar. Ushbu videokonferensiyada guruhlar «Auditoriya va sinflarda ingliz tilini o’rganish uchun samarali muhit yaratish» mavzusi bo’yicha seminar mobaynida amalga oshirgan ishlari taqdimotlarini o’tkazdilar. Videokonferensiya qiziqarli baxs va munozaralar, savol-javoblarda o’tdi. Konferensiya yakunida Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi vakillari tomonidan Buyuk Britaniya institutlarida ingliz tilini o’rganish bo’yicha olib borilayotgan ishlar, turli yangiliklar va til o’rgatishning yangi usullari hamda metodik yondashuvlari  haqida  ma’lumotlar  berildi.

Videokonferensiyada chiqish qilgan tinglovchilarning fikrlariga ko’ra, ularda chet tilini o’qitish bo’yicha kasbiy mahoratlari oshganligi va sinfda chet tilini o’qitishning samarali muhitini yaratish bo’yicha zarur bilim va ko’nikmalarga ega bo’lganliklarini ta’kidlash mumkin.