Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

“Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi” mavzusidagi seminar-trening to‘g‘risida

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-4456-son Farmoni talablari va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2014 yil 27 dekabrdagi majlisi 75-sonli bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, ilg‘or jahon tajribasi, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish, natijalarini rasmiylashtirish va e’lon qilishda rivojlangan demokratik davlatlarning salohiyatli olim va ekspertlari tajribasini o‘rganish maqsadida respublika ta’lim va ilmiy muassasalarida faoliyat yuritayotgan katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2015 yil 26-31 yanvar kunlari «Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi» mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi. Seminar-trening ishlarini ekspertlar, ya’ni Yevropa komissiyasining Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar Bosh boshqarmasi konsultanti Martin Penni hamda Buyuk Britaniyaning «Researcher Connect» global dasturi koordinatori, master-treneri Djo Chaffer olib bordilar.

Ushbu seminar-trening 3 qismdan iborat bo‘lib, 26-28 yanvar kunlari Jamg‘arma bazasida ekspertlar tanlab olgan 22 nafar katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar ishtirokida trening o‘tkazildi. Uning ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari – B.Usmonov, Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi – Djorj Edgar, Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori – Mark Krossilar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladilar (1-ilova, seminar-trening dasturi). Katta izlanuvchilar 3 kunlik mazkur trening xalqaro ilmiy tadqiqot olib borish va uni nashr etishga bag‘ishlangan bo‘lib, ilmiy tadqiqotlar olib borish va uni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan xalqaro talablar; ilmiy maqolalarni nashr etishda strategik yondashuv va ilmiy maqolalarning ekspertizasini o‘tkazish; ilmiy maqolalarning ekspert bahosini aniqlash; ilmiy maqolalarni nashr etish jarayoni; ilmiy maqolalarning kitobxonlari bo‘yicha ma’lumotlar izlash yo‘llari kabi masalalar ochib berildi.

Seminar-treningning 2-qismida, 29 yanvar kuni Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi anjumanlar zalida respublika ta’lim va ilmiy muassasalaridan 400ga yaqin katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar uchun alohida seminar tashkil qilindi. Seminarni Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish qo‘mitasi ijro apparati rahbari O.R.Parpiyev olib bordi (2-ilova, seminar dasturi). Seminarning ochilish marosimida Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi – Djorj Edgar, «Iste’dod» jamharmasi ijrochi direktori – A.Pardayev, Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori – Mark Krossilar so‘zga chiqib, seminarning ahamiyati to‘g‘risida gapirdilar. Seminarda Martin Penni hamda Djo Chafferlarning «Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi» mavzusidagi maruzalari tinglandi va tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga javob olindi. Ushbu tadbirning so‘nggi qismi, ya’ni trenerlarni tayyorlash seminar-treningi 30-31 yanvar kunlari Jamg‘arma bazasida ekspertlar tomonidan tanlab olingan 15 nafar pedagog-o‘qituvchilar, katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Seminar-trening davomida ishtirokchilar uchun kofe-breyk va tushlik tashkil qilindi.

Kelgusida «Istedod» jamg‘armasi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot olib boruvchilar uchun turli yo‘nalishlarda rivojlangan demokratik mamlakatlarning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida faoliyat yuritayotgan salohiyatli olimlarni taklif etgan holda ana shu ko‘rinishdagi seminar-treninglarni doimiy ravishda o‘tkazishni rejalashtirgan.

Respublikamizda shu kabi seminar-treninglarni o‘tkazish katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va barcha ilmga chanqoq yoshlarga rivojlangan demokratik mamlakatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida o‘z maqolalarini chop etish imkoniyatini beradi, bu esa doktorlik ilmiy tadqiqot ishlarini sifatli, tez va samarali bajarishga zamin yaratadi.