Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Ingliz tili o`qituvchilari Buyuk Britaniyada malaka oshirmoqdalar



O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarini o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-1875-son Qarorida belgilangan vazifalarni bajarish, ya`ni respublikaning turli ta`lim muassasalarida ingliz tilidan dars olib borayotgan o`qituvchilarning ingliz tili bo`yicha mos ko`nikmalarini oshirish, til o`qitish bo`yicha metodik tayyorgarligi va kasbiy mahoratini takomillashtirish maqsadida Jamg`arma tomonidan Britaniya Kengashi vakolatxonasi tavsiya etgan shu sohada etakchi bo`lgan London Metropoliten universiteti hamda Norvich til o`qitish institutlarida maxsus dasturlar asosida 21 kunlik maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Ushbu kurslarda qatnashish imkoniyatiga:

- 2013 yil 11 fevral – 16 aprel kunlari davomida O`zDJTU qoshida tashkil etilgan o`qituvchi-murabbiylarni tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tugatgan va O`zDJTU fasilitatorlar jamoasi hamda Britaniya Kengashi tomonidan tavsiya etilgan;

- OO`MTV, Britaniya Kengashi va O`zDJTU tomonidan so`nggi 4 yil davomida tashkil etib kelinayotgan loyihalarda, malaka oshirish kurslari, DUET, PRESSETT, TTT va boshqa seminar-treninglarda faol ishtirok etib kelayotgan;

- o`tkazilgan test-sinovlaridan yuqori ballar to`plagan va portfolio tayyorlash, ochiq dars ko`rsatish bo`yicha topshiriqlarni namunali bajargan 88 nafar ingliz tili pedagog-o`qituvchilari ega bo`ldilar.

Ulardan 40 nafarining London Metropoliten universiteti «Ingliz tili o`qituvchilarining umumkasbiy malakasini oshirish (LM INSETT) kursi»da va 48 nafarining Norvich til o`qitish instituti «Yuqori bosqich trenerlar tayyorlash (NILE Advanced TTT) kursi»da malakalari oshirilishi ko`zda tutilgan.

Har ikkala kursdagi pedagog-o`qituvchilar malaka oshirish mobaynida markazlardagi zamonaviy resurslardan foydalangan holda maxsus topshiriqlar asosida yo`nalishlar bo`yicha dars ishlanmasi, baholash mezoni, test namunalari ustida ishlashlari kutilmoqda.

Shuningdek, Buyuk Britaniyada malakalarini oshirib kelgan barcha pedagog-o`qituvchilar yurtimizga qaytib kelganlaridan so`ng, o`z ta`lim muassasalarida va joylardagi malaka oshirish kurslarida alohida jadvallar bo`yicha uzluksiz tarzda seminar-treninglar, malaka oshirish kurslari, videokonferentsiyalar tashkil etishlari rejalashtirilgan.

Dastlabki 38 nafar pedagog-o`qituvchilar ikkita guruh tarkibida 1 oktyabr kuni Buyuk Britaniyaning London shahriga jo`nab ketdilar. Qolgan 50 nafar pedagog-o`qituvchilar shu etuk ta`lim markazlari bazasida joriy yil oxirigacha malaka oshirib qaytadilar.