Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

“Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlar olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi” mavzusidagi seminar-trening to‘g‘risida e’lon

Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, natijalarini rasmiylashtirish va e’lon qilishda rivojlangan demokratik davlatlarning ijobiy tajribalarini o‘rganish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi hamda Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi» mavzusida 2015 yil 29 yanvar kuni seminar-trening tashkil etiladi va o‘tkaziladi. Seminar-trening O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining anjumanlar zalida bo‘lib o‘tadi.

Seminar-treningda ishtirok etish uchun respublika ta’lim va ilmiy muassasalaridan 400 nafar ingliz tilini mukammal egallagan katta ilmiy xodimlar va mustaqil izlanuvchilar jalb qilinmoqda. Ushbu tadbirda Yevropa komissiyasi Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar Bosh boshqarmasi konsultanti Martin Penni hamda Buyuk Britaniyaning «Researcher Connect» global dasturlari koordinatori, master-trener Djo Chafferlar o‘z tajribalari bilan fikr-mulohazalar almashadilar.

Martin Penni, fan doktori. Martin ilmiy hodim, ilmiy-tadqiqot ishlari rahbari sifatida ilmiy tadqiqot va innovatsiya sohasida 20-yildan ortiq ish tajribasiga ega. U qator Yevropa mamlakatlarida ilmiy tadqiqot va innovatsion strategiya dasturlarini ishlab chiqishda qatnashgan. Hozirgi paytda u ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha Yevropa komissiyasi Bosh Boshqarmasining siyosat bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Martin Yevropa Komissiyasida halqaro munosabatlar va siyosatni ishlab chiqishda va ilmiy tadqiqotchilarning Birlashgan Qirollik xukumati kengashida aspirantlarning o‘quv dasturlarini boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish ishlarida qatnashgan. U Yevropa Ittifoqi ilmiy tadqiqotchilar kengashining direktori lavozimida 4 yil mobaynida faoliyat ko‘rsatgan. Martin o‘zining dissertatsiyasi himoyasidan so‘ng, Birlashgan Qirollik, AQSh va Belgiyaning nufuzli universitetlarida ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib keladi.

Djo Chaffer: «Research Connect»ning yetakchi treneri. Djo «Researcher Connect» global dasturida yetakchi xodim va master-treneri bo‘lib faoliyat ko‘rsatmoqda. U ilmiy tadqiqotlarni olib borish va rasmiylashtirish bo‘yicha xalqaro darajada trener, instuktor va maslahatchi sifatida faol qatnashadi. Djo tabiiy fanlar mutaxassisligi, kasbiy ta’lim va o‘qitish, instuksiya berish va sardorlik malakalariga ega. Djo Birlashgan Kirollikda zamonaviy universitetlarni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarini ishlab chiqaruvchi lavozimida faoliyat yuritgan. U shuningdek, Janubiy Osiyo uchun oliy ta’lim bo‘yicha Britaniya Kengashining maslahatchisi bo‘lgan va ushbu hududda bilimlar almashishini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagan.


SEMINAR-TRENINGNING DASTURI
2015 yil 29 yanvar

09.00 – 09.30

Seminar-trening ishtirokchilarini ro‘yxatga olish

O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining anjumanlar zalida

Seminar-treningning ochilishi

09.30 – 09.50

Moderator:

Abdunabi Pardayev - O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi ijrochi direktori

Kirish so‘zi:

Odilxo‘ja Parpiyev - O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, ijro apparati rahbari

Axmadbek Yusupov - O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi raisi

Mark Krossey - Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori

09.50 – 11.20

Ilmiy tadqiqotlar olib borish va uni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan xalqaro talablar. Ilmiy maqolalarni nashr etishda strategik yondashuv va ilmiy maqolalarning ekspertizasini o‘tkazish. Ilmiy maqolalarning ekspert bahosini aniqlash.

Martin Penni - Yevropa komissiyasi Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar Bosh boshqarmasi konsultanti

11.20 – 11.40

Kofe-breyk

11.40 – 13.10

Ilmiy maqolalarni nashr etish jarayoni. Ilmiy maqolalar yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar izlash yo‘llari.

Djo Chaffer - «Researcher Connect» global dasturlari koordinatori, master-trener

13.10 - 13.40

Munozara va savol-javoblar.


Murojaat va qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:

«Iste’dod» jamg‘armasi: Zafar Muxrumbayev, tel. + (998-71) 232-60-18

 

Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi: Ilyos Raxmatullayev, tel. + (998-71) 233-54-15