Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Nodavlat notijorat tashkilotlar tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishda navbatdagi qadam

Mustaqillik yillari mobaynida mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga,fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu soha rivojiga bo‘lgan katta e’tiborni ko‘rsatadi.
Islom Karimov

Demokratik jamiyatning muhim tamoyili mamlakat hududida nodavlat notijorat tashkilotlarining tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi bilan belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIII bobida mamlakatimizda ularning erkin va faol harakat qilishlari, fuqarolik jamiyati yaratilishi uchun to‘la ijtimoiy-huquqiy asoslar yaratilgan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, o‘z oldiga erkin, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishni maqsad qilib qo‘ydi. Mazkur maqsadga erishish jarayonida bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyatining tarkibiy institutlarini, xususan, uning muhim bo‘g‘ini hisoblangan nodavlat notijorat tashkilotlarini jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini mustahkamlash va oshirish borasida tub islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Zero, islohotlar ko‘p qirrali va uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, unda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik hamda olib borilayotgan islohotlarning sifati va samarasi ko‘p jihatdan jamoatchilikning ishtirokiga bog‘liq, shu jihatdan, uni shakllantirishda muayyan ijtimoiy institutlarga, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlariga muhim ahamiyat beriladi. Binobarin, samarali faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlarni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda, mustaqillik yillarida mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini tartibga solishga qaratilgan va xalqaro huquq normalari hamda demokratik talablarga javob beradigan qonunchilik tizimi yaratilgan bo‘lib, davlatimiz tomonidan bu sohadagi olib borilayotgan siyosat O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan fuqarolarning kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga birlashish huquqlarini izchil va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgandir.

O’tgan yillar mobaynida mamlakatimizda NNTlar faoliyatini demokratlashtirish va erkinlashtirish, ularning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonidagi keng ishtirokini ta’minlash yuzasidan samarali ishlar amalga oshirildi. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiya­sining XIII bobi jamoat birlashmalari faoliyatining konstitu­tsiyaviy asoslariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ushbu tashkilotlarning turlari, faoliyat ko‘rsatish tartibi, ularning davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslardan mustaqilligi kabi tamoyillar mustahkamlab qo‘yildi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasining 56-moddasida «O’zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriy­lar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi», deb belgilandi.

Shuningdek, yuqoridagi konstitutsiyaviy tamoyillar qator qonun hujjatlarida yanada rivojlantirildi. Xususan, «O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi, «Kasaba uyush­malari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘ri­sida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi, «Fuqaro­larning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi, «Siyosiy par­tiyalar to‘g‘risida»gi, «Jamoat fondlari to‘g‘risida»gi, «Siyosiy par­tiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi, «Vijdon erkinligi va di­niy tashkilotlar to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunlar hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qonunosti hujjatlari shular jumlasidandir.

Mazkur huquqiy asoslarning yaratilishi nafaqat mamlakatimiz milliy qonunchilik tizi­mida NNTlar faoliyatiga oid ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish­ning mustaqil sohasini yuzaga kelishiga olib keldi, balki, unga tizimlilik tusini berdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 23 avgustdagi
PQ-1602-sonli «O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan nodavlat notijorat tashkilotlar, boshqa fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatishining qonuniyligini, tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni, ularning aholining turli qatlamlari manfaatlarini himoya qilishda, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashda faol ishtirokini ta’minlash; mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoring o‘tkazish Adliya vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shu munosabat bilan, vazirlik o‘ziga yuklatilgan mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini yanada oshirib borish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishdagi ularning roli va ahamiyatini kuchaytirish, «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini izchillik bilan bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarish, shuningdek NNT tizimini keng rivojlantirish, ularni tashkil etish hamda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy mexanizmlar hamda tartib-taomillarni takomillashtirish va soddalashtirish borasida muntazam ravishda faoliyat olib bormoqda.

«Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-sonli «O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2013 yil 12 dekabrdagi
PQ-2085-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi, 2015 yil 15 yanvardagi 5-sonli «Nodavlat notijorat tashkilotlarini tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» qarorlarining qabul qilinishi, shuningdek kuni kecha, ya’ni 2015 yil 8 iyunda kuchga kirgan Adliya vazirining 2015 yil 4 iyundagi «Nodavlat notijorat tashkilotlari tadbirlarini kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan adliya organlariga taqdim etiladigan hisobot shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Akkreditatsiya kartochkasining shaklini tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyruqlarining umummajburiy tusdagi hujjat sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi fikrimizning yaqqol dalilidir.

«Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi Qonunning 8 va
33-moddalariga asosan nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga rioya etishi, o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlashi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi o‘tkazayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berishi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi soliq va statistika organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etishi shart.

Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘ladi.

Nodavlat notijorat tashkiloti o‘z faoliyatining natijalari hisobini yuritadi hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 47-bandiga asosan NNT, shuningdek alohida bo‘linmalar tegishli adliya organiga har yili
1 fevralgacha — o‘tgan yildagi o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni, shu jumladan faoliyatni moliyalashtirish manbalari va mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risidagi deklaratsiyani, mavjud a’zolar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha taqdim etishlari shart.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil
8 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan hisobot shakllarida esa, NNTlar, ularning hududiy bo‘linmalari hamda xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkiloti vakolatxona hamda filiali tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarga taqdim qiladigan hisobot ma’lumotlariga aniqlik kiritildi.

Jumladan, hisobot shakllarida NNTlar ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq va bank rekvizitlarini, rahbarlari va rahbar organlari, xodimlari haqidagi ma’lumotlarni, joylashgan yeri (pochta manzili), a’zolari, hamkorlari, ularning ta’sischiligida ochilgan tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan ommaviy axborot vositalari haqidagi, litsenziyalanadigan faoliyat turlari haqidagi, ustav doirasida amalga oshirilgan ishlari haqidagi, shu bilan birga foliyatini moliviy ta’minlash mablag‘lari haqidagi hamda tashkilotni tekshirish (monitoring qilish) haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish nazarda tutildi.

Shu bilan birga, xalqaro va xorijiy nodavlat notijorat tashkiloti vakolatxonasining/filialining hisobot shaklida esa ushbu tashkilot bilan birga bosh tashkilot haqidagi ma’lumotlar, mahalliy va xorijiy xodimlari haqidagi ma’lumotlar, hisobot davridagi gumanitar faoliyat bilan shug‘ullanish natijalari va tegishli ma’lumotlar ko‘rsatilishi belgilandi.

Yana bir muhim jihat, bundan buyon NNTlar hisobot shakllarida o‘zlarining faoliyatida vujudga kelgan muammolar, NNTlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni ko‘rsatishlari mumkin. Bu esa o‘z navbatida adliya organlari tomonidan NNTlar faoliyatida vujudga kelgan va yechimini kutayotgan turli xildagi muammolarni qonunda nazarda tutilgan tartibda hal qilish, NNTlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tegishli qonun hujjatlari ishlab chiqish va mavjud qonun hujjatlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi faoliyatini yanada rivojlantiradi.

Mazkur hisobot shakllari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va bir qator rivojlangan mamlakatlar qonunchiligiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Shuningdek, hisobot shakllarining tasdiqlanganligi NNTlar tomonidan o‘z faoliyatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim qilishda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan har xil tushunmovchiliklar va turli xildagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish uchun xizmat qiladi.

Ushbu hujjatlarni amaliyotga tadbiq qilish bilan birga vazirlik tomonidan kelajakda NNTlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, xususan hisobot shakllarini soddalashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshiriladi.


Zikrillo Mahmudov
 O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari