Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

“XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostidagi ilmiy-amaliy konferensiya

Joriy yilning 16-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida «Ertangi kun bizniki, marra bizniki» shiori ostida «Yoshlar haftaligi» bo‘lib o‘tmoqda.

Haftalik doirasida «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostidagi yosh olim va talabalarning ilmiy-amaliy konferensiyasi 19 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilmoqda.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – fan va texnologiyalar modernizatsiyasi borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy fan, ta’lim, texnika va texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan bilimli, yetuk yosh olimlarni tarbiyalashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida hamkorlik muhitini rivojlantirish, ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, innovatsion g‘oya va ishlanmalarini amaliyotga tatbiq qilishdan iborat.

Tashkilotchilar – O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati.

Konferensiya «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik Kengashining 2015 yil 31martdagi 40-sonli majlisi bayoni bilan tasdiqlangan «O’zbekiston Respublikasida 2015yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi»ga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Konferensiya dastlab respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalarida «Ijtimoiy-gumanitar fanlar», «Tabiiy fanlar», «Aniq fanlar», «Texnika fanlari» sho‘‘balari asosida olib borildi. Ularda 1463 nafar yosh iqtidorli olim va talabalar o‘zlarining ilmiy maqolalari bilan qatnashdilar. Hududiy konferensiyalar yakunida 14ta to‘plamdan iborat materiallar chop etildi hamda ta’lim muassasalariga tarqatildi.

Konferensiyaning respublika bosqichida hududlarda g‘olib deb topilgan yosh olim va talabalarning ilmiy ma’ruzalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Konferensiya yakunida eng yaxshi ilmiy maqolalar mualliflari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.