Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

“Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi” mavzusidagi seminar-trening o‘tkazildi

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-4456-son Farmoni talablari va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2014 yil 27 dekabrdagi majlisi 75-sonli bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, ilg‘or jahon tajribasi, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish, natijalarini rasmiylashtirish va e’lon qilishda rivojlangan demokratik davlatlarning salohiyatli olim va ekspertlari tajribasini o‘rganish maqsadida 26 nafar ta’lim va ilmiy muassasalarida faoliyat yuritayotgan katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar uchun Jamg‘arma Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2016 yilning 25-29 yanvar kunlari «Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi» mavzusidagi seminar-trening o‘tkazildi.

Ushbu tadbir O’zbekistonda ikkinchi marotaba o‘tkazilib (2015 yilning yanvar oyida birinchi bor o‘tkazilgan), seminar-treningni Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan ekspert, «Researcher Connect» global dasturi koordinatori, master-treneri Djo Chaffer olib bordi. Qo‘shimcha tarzda Buyuk Britaniyaning universitetlaridan uch yetakchi professor onlayn videokonferensiya orqali ma’ruza qilishdi. 26 yanvar kuni Edinburg Universiteti (Edinburgh University) professori Nik Koulgreyv (Nick Colegrave) o‘z tajribalari haqida ma’ruza qildi. Seminar-trening ishtirokchilari uchun 27 yanvar kuni Shimoliy Angliya universiteti (University of West England) professori Met Studney (Matt Studney) taqdimot qildi. 28 yanvar kuni tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilar uchun Oksfordning Pembrok kolleji (Oxford Pembrock College) professori Imonn Molloy (Eamonn Molloy)ning ilmiy tadqiqot olib borish va uni nashr etishga bag‘ishlangan ma’ruzasi tinglandi.

Tadbir doirasida 29 yanvar kuni O’zbekiston davlat jahon tillari universitet bazasida 200 dan ortiq katta ilmiy-xodim va mustaqil izlanuvchilar uchun alohida «Research Management» mavzusida seminarni Djo Chaffer olib bordi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi va «Iste’dod» jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.

«Xalqaro talablar darajasida ilmiy tadqiqotlarni olib borish va natijalarini rasmiylashtirish metodikasi» mavzusidagi seminar-treningning 2 bosqichida joriy yilning fevral oyida 18 nafar katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar ishtirokida Buyuk Britaniyaning London Metropolitan, Bat va Birmengem Siti universitetlarida bir haftalik malaka oshirish kursi tashkil etilishi rejalashtirilgan.