Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Intellektual salohiyati yuksak avlod

Buxoro shahrida «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostida yosh olim va talabalarning respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Tadbir O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zFA, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, anjumanning nufuzini oshirish, qamrovini kengaytirish maqsadida uni ikki, ya’ni hududiy va yakuniy bosqichda o‘tkazish belgilangan. Hududiy bosqichlarda respublikamiz ta’lim hamda ilmiy muassasalaridan ikki ming nafardan ziyod iqtidorli talaba va olimlar o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashdi. Yakuniy bosqichda esa hududiy anjumanlar g‘oliblari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida qatnashchilar yurtimiz ilmiy salohiyatini o‘zida mujassamlashtirgan ko‘rgazma bilan tanishdilar. Unda so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib, navqiron avlod vakillari mazkur imkoniyatlardan oqilona foydalanishayotganini qayd etdi.

Anjumanda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar hamda ilmiy tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul yosh olimlar xalq xo‘jaligining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan mavzularda ma’ruzalar qildi. Yakunda eng mazmunli va ilmiy jihatdan mukammal deb topilgan ma’ruza mualliflari hamda faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

 

Istam Ibrohimov, «Xalq so‘zi» muxbiri