Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Ilg‘or mualliflar e’tirof etildi

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida «Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi – 2014» respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlov yoshlarning bilim va salohiyati, ongu tafakkurini yuksaltiruvchi eng ilg‘or darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratilishiga turtki berib, yuqori malakali, raqobatdosh kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shib kelayotgani alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng sahnaga tantanali tarzda g‘olib va sovrindorlar taklif etildi va ularga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

- Tanlov zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan darslik va o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratishga hissa qo‘shayotgan olimlar, yuqori malakali mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar mehnatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’tirofning o‘ziga xos ko‘rinishidir, - deydi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazining bo‘lim boshlig‘i Mamarajab Tojiyev. – Bu yilgi tanlovda gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy, aniq va tabiiy, umumkasbiy, ixtisoslik, umummetodologik, mutaxassislik fanlari kabi 11 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Unda jami 133 nomdagi o‘quv adabiyoti va 260 nafardan ziyod muallif qatnashdi. Tanlov natijalariga ko‘ra, 54 darslik va o‘quv adabiyoti mualliflari g‘olib deb topildi. Bundan tashqari, 12 ta darslik va o‘quv qo‘llanmasi rag‘batlantiruvchi o‘rinlarni egalladi.

- Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayoni va amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiluvchi eng yaxshi darslik va o‘quv adabiyoti nominatsiyasida «Psixologik xizmat» elektron darsligimiz 2-o‘rinni egalladi, - deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, psixologiya fanlari doktori Zamira Nishonova. – Hammualliflikda yaratilgan darslik psixolog ishining barcha jihatlarini qamrab olgan. Bugun bizga berilgan rag‘bat ta’lim-tarbiya sohasidagi izlanishlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor mahsulidir.

Sanobar Jumanova,

«Ma’rifat» muxbiri