Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Ertangi kun bizniki, marra bizniki!


Joriy yilning 16-22 noyabr kunlari Toshkent shahrida «Ertangi kun bizniki, marra bizniki!» shiori ostida «Yoshlar haftaligi» bo‘lib o‘tadi. Yoshlar ijod saroyida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur haftalikka bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Kamolot» YIH, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, «Oʻzbeknavo» milliy agentligi, Oʻzbekiton Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi tomonidan tashkil etilayotgan «Yoshlar haftaligi»da fan, ta’lim, madaniyat va san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar, davlat mukofoti va stipendiyalari sohiblari, san’at va madaniyat namoyandalari, taniqli ilm-fan arboblari, kino va moda yo‘nalishi mutaxassislari ishtirok etadi. Haftalik doirasida qisqa metrajli filmlar, moda va dizayn, talabalar teatr studiyalari festivallari, «Quvnoqlar va zukkolar» ko‘rik-tanlovi, «Tafakkur sinovlari» bellashuvining final bosqichi, «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostida ilmiy-amaliy konferensiya hamda «Yangi nigoh» videoroliklar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

- Ushbu yirik loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini rivojlantirib, intellektual va ijodiy salohiyatini boyitishdir, - deydi «Kamolot» YIH Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. – Haftalikda talabalar yetti yo‘nalishda o‘z iqtidor va mahoratini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladi. Jumladan, kinematografiya sohasiga qiziqqan yigit-qizlar jahon adabiyotining eng sara asarlari asosida spektakl sahnalashtirishi, o‘zi ishlagan qisqa metrajli film va videorolik taqdim etishi mumkin. Shuningdek, moda va dizayn festivali ham haftalikning eng yirik va ko‘p qirrali loyihalaridan biridir. Intellektual bellashuv ilmiy-amaliy konferensiyalar «Yoshlar haftaligi»ning yanada mazmunli o‘tishini ta’minlaydi.

Anjumanda haftalik doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar haqidagi savollarga tashkilotchilar atroflicha javob berdi.

Hasan Mo‘minov,

«Ma’rifat» muxbiri

Burxon Rizoqulov

olgan surat.