Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

“Ertangi kun bizniki, marra bizniki!”

Poytaxtimizda ana shu shior ostida Yoshlar haftaligi boshlandi.

 

Bugungi kunda yurtimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini  yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama yetuk - jismonan sog‘lom, intellektual rivojlangan, nafaqat ko‘plab bilimlarni, hozirgi davrda talab katta bo‘lgan kasb-hunarlarni ham egallagan, ayni paytda, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, yuksak salohiyatli yosh avlod to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishdek ustuvor maqsad mujassam.

 

YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI AMALDA

 

Binobarin, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda ularda belgilangan vazifalarning hayotga izchil tatbiq etilishi ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar yasadi. O’z navbatida, bunday ezgu sa’y-harakatlar tufayli ertamiz egalari ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Bu haqda poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida boshlangan «Ertangi kun bizniki, marra bizniki!» shiori ostidagi Yoshlar haftaligida ham alohida ta’kidlandi. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagoglar va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi, Badiiy akademiya, «O’zbekkino» Milliy agentligi hamkorligida tashkil qilingan  ushbu tadbir yosh avlodni jonajon Vatanimizga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir.

Davlat mukofoti sovrindorlari, tadqiqotchilar, san’at va madaniyat sohasi namoyandalari hamda moda yo‘nalishida ijod qilayotganlar, iqtidorli yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashayotgan  mazkur tadbirning ochilish marosimida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi B. G’aniyev hamda boshqalar Yurtboshimiz rahnamoligida mamlakatimizda har jihatdan yetuk avlodni voyaga yetkazish, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish yo‘lida ibratli ishlar qilinayotganini ta’kidladi.

Mazkur haftalik O’zbekiston Respublikasida 2015 yilda  yoshlargi oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq o‘tkazilib, unda o‘g‘il-qizlar turli yo‘nalishlarda mahorat va iqtidorlarini namoyish etishmoqda.

Xususan, haftalikning birinchi kunida Moda va dizayn  festivalining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida nafaqat ko‘rgazma, balki milliy liboslar hamda zamonaviy  modelerlar defilesi, shuningdek, «Moda: muammo va yechim» ilmiy-amaliy anjumani, soha vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

Yosh hunarmandlar tomonidan namoyish etilayotgan mahsulotlar tashrif buyuruvchilarda katta  qiziqish uyg‘otayapti. Ayniqsa, sopol idishlar, miniatyura asarlari hamda boshqa ijod namunalarida tariximizga oid go‘zal manzaralar mahorat bilan aks ettirilgan.

Yoshlar haftaligi doirasida mamlakatimizdagi oltita oliy ta’lim muassasasining iqtidorli talabalari o‘rtasida «Tafakkur sinovlari» tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagoglar va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi tashabbusi bilan «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostida yosh olimlar hamda talabalarning ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Haftalikning yana bir loyihalaridan biri O’zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan «Yangi nigoh» videoroliklar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash  marosimidir. Mazkur tanlovga hozirgacha turli yo‘nalishlar bo‘yicha 500 dan ortiq ijodiy ish kelib tushgan. G’oliblar haftalik davomida internet foydalanuvchilari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Qisqacha aytganda, festival mamlakatimizning shijoatli yigit-qizlarini yanada faol va tashabbuskor  bo‘lishga undab, iste’dodlarini toblashda muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar.