Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Yorqin taassurotlarga boy haftalik

Muhtasham Yoshlar ijod saroyi har galgidan-da gavjum. Saroy foye va zallarini aylanar ekansiz, yoshlar yaratgan go‘zal va nafis ijod namunalarini tomosha qilib, hayratlanasiz, zavqlanasiz. «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan «Yoshlar haftaligi»da Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, «Nihol» mukofoti, «O’zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sovrindorlari, xalqaro olimpiada, ko‘rik-tanlov, sport musobaqalari g‘oliblari, san’at va madaniyat namoyandalari, taniqli ilm-fan arboblari, kino va moda yo‘nalishida ijod qilayotgan xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
«Ertangi kun bizniki, marra bizniki!» shiori ostidagi festivalning ochilish marosimida «Kamolot» YIH markaziy kengashi raisi B.G’aniyev, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi direktori A. Pardayev, O’zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinobosari B. Usmonov va boshqalar so‘zga chiqib, haftalikning yoshlar hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida gapirdi.
- Haftalik O’zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq tashkil etildi, - deydi «Kamolot» YIH Markaziy kengashi raisi Bahodir G’aniyev. – Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad yosh avlodning Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlash, bilim va salohiyatini namoyon etishiga ko‘maklashish va munosib rag‘batlantirishdir. Haftalikda talabalar yettita yo‘nalishda iqtidor va mahoratini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jumladan, san’at sohasiga qiziqqan yigit-qizlar jahon adabiyotining eng sara asarlari asosida spektakl sahnalashtiradi, yosh kinoijodkorlar o‘zi ishlagan qisqa metrajli film va videoroliklarini taqdim etadi. Moda va dizayn festivali ham haftalikning eng yirik loyihalaridan sanaladi. Intellektual bellashuv va ilmiy-amaliy konferensiyalar esa «Yoshlar haftaligi»ning yanada mazmunli bo‘lishini ta’minlaydi.
Haftalikning ilk tadbiri Respublika rassomlik kollejining moda liboslar namoyishi bo‘ldi. Ko‘p qirrali loyihalardan biri bo‘lgan mazkur tadbir doirasida «Moda laboratoriyasi» namoyishi, «Moda: muammo va yechim» ilmiy-amaliy anjumani, milliy liboslar va zamonaviy modeler defilesi, yosh hunarmand va rassomlarning ko‘rgazmalari, mahorat darslari tashkil etildi.
- Festivalda qatnashish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rdik,-deydi «Sharq liboslari» dizayn markazi yetakchi mutaxassisi Mohira G’afforova. - Ko‘rgazmada namoyish etayotgan kolleksiyamizda «Asrlar sadosi», «Xonatlas», «Sharq go‘zali» va boshqa ko‘plab milliy liboslar o‘rin olgan. Kolleksiyalarni yaratishda markazimiz xodimlari Italiya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya kabi davlatlardagi mashhur modelerlardan mahorat darslari olib, yirik modalar namoyishida o‘z kolleksiyalari bilan muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Zamonaviy kinoindustriya uskunalari ko‘rgazmasi ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Maxsus effekt va 3D-texnologiyasi asosida film olishga mo‘ljallangan texnikalar namoyishi, xorijlik mutaxassislar ishtirokidagi master-klass va taqdimotlar yosh kinoijodkorlar uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
- Turli janr va mavzudagi qisqa metrajli filmlar suratga olamiz, - deydi «Lime studio» studiyasi direktori Bahodir Jumaboyev. – Haftalik doirasidagi tadbirlardan o‘zimiz uchun ko‘p narsa o‘rganayapmiz. Do‘stlar orttirib, fikr-mulohaza almashdik. Bunday loyihalar studiyamiz rivojida, mazmunli, tomoshabinbop kinokartinalar yaratishda qo‘l keladi.
Yoshlar ijod saroyi devorlariga osilgan suratlarga boqib, bunday tasviriy san’at namunalarini chizgan yoshlarga tasanno aytasiz. S. Jalilovning «O’zbek ayoli», «Uch og‘ayni botirlar», R. Aliboyevning «Yoshlik zavqi», «Arslon», R. Rahimovning «Karvon», «Gullar», N. Qayumiyning «Baxtning turfa ranglari» kabi kartinalarini tomosha qilib, o‘yga cho‘masiz, rang-barang tasvirlar xayollaringizni uzoq-uzoqlarga yetaklaydi.
O’zbeksiton davlat san’at va madaniyat instituti talabalari tayyorlagan spektakl namoyishi bilan festivalning birinchi kuni yakunlandi.
Haftalikning ikkinchi kuni «PROlogue» – yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari namoyishi bilan boshlandi. Kinemotografiya sohasidagi iste’dodli yoshlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash, keng jamoatchilikka tanitish, ularning professional malakasini oshirish, katta ekranlarda o‘z ijodini namoyish etishiga yo‘l ochib berish maqsadini ko‘zlagan mazkur loyihada professional va havaskor kinoijodkorlar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etdi.
-«PROlogue» festivaliga saralab olish uchun yuzga yaqin qisqa metrajli film ko‘rib chiqildi,- deydi «O’zbekkino» milliy agentligi bosh mutaxassisi, festival hakamlar hay’ati mas’ul kotibi Mohichehra Jumayeva. - Shular orasidan 20 tasi namoyish etishga tavsiya qilindi. Eng yaxshi asarlar g‘oyaning muhimligi, yuqori badiiy saviya, qiziqarli syujet, o‘ziga xos uslub, novatorlik va izlanish, rejissyor va operator mahorati, aktyorlar ijrosi kabi mezonlar asosida aniqlandi.
Doston Hojimatovning «Qadr» filmini tomosha qilgan kishi o‘qituvchilikning qanchalik sharafli kasb ekanini yana bir bor his etadi. Madrahim Karimov «Bekasiz uy» filmi orqali odam savdosining ayanchli oqibatlarini ochib berishga harakat qilgan bo‘lsa, Saidpo‘lat Hakimov 7 daqiqalik «Eyforiya» filmida giyohvand moddalarning salbiy oqibatlari haqida hikoya qiladi. Shukur Xolmirzayev asari asosida suratga olingan «Oq bulut» filmi ham festival ishtirokchilarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Habibullo Lutfullayevning mazkur ijod namunasi sinfdoshlarning o‘zaro munosabatlari haqida. Maftuna Alloqulovaning «Vafodor», Munira Muhammaddiyorovaning «Sovg‘a», Dmitriy Shexovsevning «Kechir», Olga Xanning «Orzular kemasi», Laziz Ashuraliyevning «Ijobat», Sardor Ibrohimovning «Ayovsiz urush» kabi filmlarida ham yoshlar ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyituvchi g‘oyalar ilgari surilgan.
-«Nido» filmimda yoshlarning to‘g‘ri yo‘lni tanlashi, bilib-bilmay xatolikka yo‘l qo‘ymasligiga e’tibor qaratdim,- deydi film ssenariysi muallifi va rejissyori, O’zbekiston davlat san’ati va madaniyati instituti talabasi Hasan Alijonov. – Tarbiyaviy ahamiyatga ega filmni yaratishda operator Iste’dod Usmonov ancha ter to‘kdi. Uning mahorati tufayli ba’zi muammolarga yechim topdik. Tomoshabin 11 daqiqalik film orqali o‘z xatolari haqida bir marta bo‘lsa-da o‘ylaydi, voqeadan to‘g‘ri xulosa chiqarishga harakat qiladi.
O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘tkazilgan teatr tomoshalari ham gavjum bo‘ldi. Qoraqalpoq davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining havaskor teatr jamoalari milliy va jahon adabiyoti asarlari asosida spektakllar namoyish etdi.
- Dars tamom bo‘lishi bilan festivalga shoshilaman, - deydi O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Muhammad Xo‘jayev. - Tadbirlarni tomosha qilib, menda ham yangi-yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi. Tengdoshlarimdan ko‘p narsa o‘zlashtirdim. Kelasi safar yoshlar haftaligida tomoshabin emas, balki ishtirokchi bo‘lib qatnashmoqchiman.
Festival doirasidagi 3D-texnologiyasi va maxsus effektlar bo‘yicha mahorat mashg‘uloti, «Milliy libos» modalar namoyishi, «Batik jozibasi» ko‘rgazmasi hamda yosh estrada xonandalarining jonli ijrodagi konserti ham yuqori saviyada o‘tdi.
Yoshlar haftaligining navbatdagi kunlarida ham bir qator qiziqarli tadbir, ko‘rik –tanlov va bellashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, «Quvnoqlar va zukkolar» ko‘rik-tanlovi, «Tafakkur sinvolari» bellashuvining final bosqichi, «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostidagi ilmiy-amaliy konferensiya, prodyusserlik, aktyorlik va rejissyorlik mahorati bo‘yicha mahorat mashg‘ulotlari, «Bolajonlar – shirintoylar» modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Turizmni rivojlantirish, tuman va shaharlarning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan «Yangi nigoh» videoroliklar tanlovi ham yoshlar qalbiga yorqin taassurotlar hadya etishi shubhasiz.

Hasan Mo‘minov, «Ma’rifat» muxbiri