Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Axborot texnologiyalari sohasining yetuk mutaxassisi

Bundan 20-30 yil muqaddam, ya’ni kompyuterlar hayotimizga hozirgichalik keng kirib kelmagan damlarda zamonaviy  texnologiyalarni jamiyatga jadallik bilan olib kirishga xayrixoh bo‘lgan mutaxassislar barmoq bilan sanarli edi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining matematika fakulteti matematika-chizmachilik bo‘limini tugatgan Abduqahhor Abduqodirovni elektron hisoblash mashinalari va ularga dastur tuzish masalalari ko‘proq qiziqtirardi.

            Olim «Bo‘lajak matematika o‘qituvchilarining hisoblash matematikasi va programmalashtirish elementlarini o‘qitishga metodik tayyorgarligini takomillashtirish» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini ustozlari ko‘magida muvaffaqiyatli himoya qildi. Oradan yillar o‘tib «Fizika-matematika o‘qituvchilarini tayyorlashni jadallashtirishning nazariyasi va amaliyoti» (o‘quv-tarbiya jarayonida kompyuter texnikasini qo‘llash) mavzusidagi dissertatsiyasini yoqlab, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini oldi. Yosh olimning bilim va tajribasi yillar mobaynida boyib, takomillashib borar ekan, u O’zbekiston ta’lim tizimiga axborot texnologiyalarini joriy qilish, bu borada o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar nashr etish, davlat ta’lim standartlarini yaratish, pedagog kadrlar kasbiy salohiyatini oshirish jarayonida faol ishtirok etdi. Qayerda, qaysi lavozimda mehnat qilmasin, ta’lim jarayonini yangiliklar bilan boyitishga harakat qildi.

            2003 yildan e’tiboran, Abduqahhor Abduqodirov O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish «Iste’dod» jamg‘armasi qoshidagi masofali o‘qitish markazini boshqarib kelmoqda. U kishining tashabbusi bilan internetda jamg‘arma sayti yaratildi va unda masofadan turib o‘qitishga mo‘ljallangan portal tashkil etildi. Portalda «Axborot texnologiyalari va masofali o‘qitish» (o‘zbek, rus va ingliz tillarida), «Ta’limda innovatsion texnologiyalar», «Tarbiyada innovatsion texnologiyalar», «Ta’lim muassasalarini boshqarish», «Ma’naviyat va ma’rifat» kabi masofali kurslarda o‘qish imkoniyati mavjud. Ayni paytda u Nizomiy nomidagi TDPUning «Informatika o‘qitish metodikasi» kafedrasida bakalavr va magistr kadrlar tayyorlash jarayonining faol ishtirokchisidir. Talabalar «Ixtisoslashtirilgan dasturiy vositalar», «Ta’limda avtomatlashtirgan axborot resurslari», «Pedagogik Web dizayn», «Mutaxassislik fanlarini o‘qitish metodikasi», Ta’limda axborot texnologiyalari» o‘quv fanlari bo‘yicha ustozning qiziqarli ma’ruzalarini tinglashadi. Olimning 360dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlari chop etilgan. Ustozning shogirdlari olib borayotgan tadqiqotlar ta’lim tizimiga innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan. Olim «Ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, boshqarish, uning sifati va samaradorligini oshirishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish», «Respublika ta’lim muassasalari pedagogik va rahbar xodimlari maqsadli masofali malakasini oshirish tizimini yaratish» mavzularida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan 2012-2014 yillarga mo‘ljallangan davlat ilmiy-texnik dasturining amaliy-ilmiy tadqiqotlari mualliflaridan biri bo‘ldi. 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan «Ta’lim- tarbiya jarayonini tashkil etish, uning sifat va samaradorligini oshirishda «Case-study» uslubidan foydalanish» mavzusidagi grantni qo‘lga kiritgan olim hamon ilmiy izlanishda.

            Hayotimizga kirib kelgan va amaliyotga joriy qilinayotgan zamonaviy  axborot texnologiyalarining xilma-xilligini ko‘rganida bu sohaning butun sir-asrorlarini o‘rgangan pedagogika fanlari doktori, professor Abduqahhor Abduqodirovning ko‘nglidan shunday o‘y o‘tadi: «Uzoq yillar avval ko‘pchilikka mo‘‘jiza bo‘lib tuyulgan texnik vositalar endi hech kimni hayratlantirmay qo‘ydi. Ularning qulayligi, afzalligi, tezkorligidan insoniyat faqat yaxshilik yo‘lida foydalanishi kerak. Ayniqsa, ta’lim sohasini jadallashtirish va rivojlantirishda yangidan-yangi texnik vositalarning o‘rnini boshqa narsa bosa olmaydi».

 

Hulkar To‘ymanova

 «Ma’rifat» muxbiri