O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Iste`dod jamg`armasi

Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Sardorlik mahorati

«Sardorlik treningi» maxsus kursining dasturi va mazmuni

1-mavzu. «Sardorlik treningi»ning maqsad va vazifalari. «Tanishuv treningi» (2 soat).
Aqliy hujum. «Sardor» tushunchasini aniqlash. Sardorlarga xos sifat va qobiliyatlarni belgilab olish. Kursning maqsad va vazifalari.
«Muzyorar» mashqlardan foydalanib o`quv jamoasi ishtirokchilarini bir-biri bilan uch bosqich bo`yicha tanishtirish: o`zim, men va do`stim, guruhim. Do`stona munosabat va ijodiy muhitni yuzaga keltirish.
Guruh dinamikasini jadallashtirish, qatnashchilarning ijodiy imkoniyati va shaxsiy sifatlarini ochish.
Auditoriyaning ishlashi uchun qulay sharoit vujudga keltirish.
Natija: guruh qatnashchilari bir-birlari bilan yaqinrok tanishadi, ismlarini bilib oladi, o`quv jamoasi vujudga keladi.

2 mavzu. Maqsad - orzuga erishish yo`li. Vazifa belgilanib, to`g`ri anglansa, orzuga yetishmoq oson (2 soat).
Aqliy hujum. Maqsad, vazifa tushunchalarini aniqlash. Talabalar maqsad va vazifalari, fakultet, universitet va O`zbekiston Respublikasi maqsad va vazifalari haqida guruh bo`lib fikr yuritish.
Maqsad nima uchun kerakligini anglash. «Agar maqsadsiz bo`lsang hech narsa qilolmaysan, maqsading katta bo`lmasa - buyuk ish qilolmaysan» (Deni Didro). Maqsad - hayotni mazmunan boyitadi, borar manzilimizni yoritadi.
Maqsadni aniqlash yo`llari: kelajak tassavurini ishga solish, strategik reja tuzish, o`z modelini tanlash, vazifa belgilash. Vazifa - ssenariyni o`zgartirib maqsadga erishish yo`li.
To`g`ri maqsad qo`yish natijalari: muvaffaqiyat, komillik, hurmat, baxt, o`z-o`zidan qoniqish, farovonlik.
Muhim savollar: «Men nima uchun tug`ildim?», «Bu yerdaligingiz tasodifmi?»
Natija: tinglovchilar o`z maqsad va vazifalarini aniqlashadi.

3-mavzu. Namunali talaba (2 soat).
«Cho`qqi tomon muvaffaqiyat sari yo`l bilim orqali o`tadi» (Volter) Sardor - namunali talaba. Namunali talaba imidjini guruh bo`lib aniqlash.
Kichik guruhlarda «Klaster» texnologiyasi yordamida namunali talabaga ta`rif berish. Guruhlar taqdimoti. Jamoaviy munozara.
Natija: tinglovchilar o`zlarining talabalik saviyalarini tahlil qilishadi va kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilishadi.

4- mavzu. Eshita bilish - sardorga xos xususiyat (2 soat).
Eshita bilish - bu ma`lumotni qabul qilib, idrok etgan holda aniqlab, tushunib olish jarayonidir. Har bir yaxshi sardor quyidagi malakalarga ega bo`lishi kerak: eshita bilish, jamoa tuza bilish va qaror qabul qilish.
Eshita bilish jarayonining pog`onalari: ma`lumot - idrok - toifalash - tahlil - tushunish. Amaliy mashq («Zanjir» uslubi).
Yaxshi va yomon eshituvchilar belgilari (3x4 texnologiyasi).
Natija: tinglovchilar ma`lumotni yaxshi tushunish, turlicha qabul etish, imkoniyatlarni boy bermaslikka erishishadi; miya charxlanadi va ma`lumotga baho berilib munosabat o`zgaradi.

5- mavzu. Qadriyatlar. Qadriyatlarga ta`sir etuvchi omillar (2 soat).
Qadriyatlar, ularga ta`sir etuvchi omillar. Qadriyatlar ketma-ketligini aniqlashga qaratilgan mashqlar. Xulosa: qadriyatlar har kim uchun har hil ahamiyatga ega.
Qadriyatlar - munosabat - hulq-atvor
Qadriyatlar deyarli mustahkam va ularni o`zgartirish qiyin. Munosabat - qadriyat natijasi, hozirjavoblik holati. Hulq-atvor - munosabat natijasi.
Qadriyatlar manbalari. "Odamlarni jarlikdan qutqar" intellektual ishchan uyin.
Natija: Tinglovchilar guruh qatnashchilarining rollarini aniqlashadi, jamoa hulq-atvorini kuzatib, qatnashchilar o`z fikrlarini o`tkazishlarini va o`zgalar fikriga bo`ysinishlarini kuzatishadi, jamoa bo`lib ishlashda asosiy qadriyatlar aniqlanadi.

6-mavzu. Strategik fikrlash (2 soat).
Fikrlash - bu harakatlarning ketma-ketligini aniqlovchi jarayon. Fikrlash muammo paydo bo`lganda boshlanadi va hal etilganda tugaydi.
Strategik fikrlash - uzoqni ko`zlovchi fikrlash jarayoni.
Fikrlashning eng oson shakli:
1. Bu nima?
2. Nima uchun ?
3. Qanday qilib?
4. Xulosa.
Bilim - odamzod uchun foydali ma`lumot.
Fikrlashga yordam beruvchi usullar: muzyorar mashqlari (fikrlarni erkin bayon etishga yordam beradi); aqliy xujum (turli fikrlarni jamlash), fikrlarni birma-bir ro`yxatga olish, aniqlash va toifalash; hayoliy xarita tuzish (mind-mapping); diagramma (hayoliy xaritani sxemalashtirish); tashhis qo`yish (kamchiliklarni aniqlash uslubi); tekshiruv varaqasi.
Sardorlar kichik guruhlarga bo`linib, olgan ma`lumotlarga asoslanib strategik rejalar tuzishadi (masalan: fakultet, universitet, «Kamolot» harakati, O`zbekiston Respublikasi va hokazolarni kelgusi bir necha yilga tuzilgan rivojlanish rejasi).
Natija: Tinglovchilar uzoqni ko`zlab reja tuzish malakasiga ega bo`ladilar.

7-mavzu. Vaqt menejmenti (2 soat).
Aqliy xujum. Vaqt ta`rifini aniqlash. Sardorlar uchun vaqt menejmentining muhimligi. Jamoaviy munozara.
Parkinson qoidasi. Paret tamoyili. Vaqtning auditi. «Mening kun tartibim»,- mustaqil ish. Kichik guruhlarda muhokama va umumiy xulosa. Vaqtni rejalashtirish. "Vaqt top …" usuli.
Natija. Sardorlar o`z vaqtlarini unumli rejalashtirish malakasiga ega bo`lishadi.

8-mavzu. Muammo. Muammo yechish formulasi. Qaror qabul qilish (2 soat).
Muammo. Muammoli vaziyat. Muammo yechish formulasi: muammoni tahlil qilish, bir necha faraz (gipoteza) ishlab chiqarish va qaror qabul qilish. «Muammo» texnologiyasi. «Qarorlar shajarasi» usuli.
Natija: tinglovchilar ma`lum masalalarni puxta, har tomonlama tahlil etish asosida muayan hulosalarga kelishga, bir muammo xususida bildirilayotgan bir necha xulosadan eng maqbul hamda to`g`risini topishga o`rganishadi.

9 -mavzu. Men - tadbir tashkilotchisiman (Blis-uyin) (2 soat).
Sardor - albatta tadbirlar tashabbuskori va tashkilotchisidir. Ushbu trening sardor-talabalarga tadbir tayyorlash jarayonida harakatlar ketma-ketligigini to`g`ri tashkil etishga, mantiqiy fikrlashga, tadbirga oid ko`p xilma-hil fikrlardan, ma`lumotlardan kerakligini tanlab olishni o`rgatishga qaratilgan.
Trening davomida sardorlar o`zlarining mustaqil fikrlarini boshqalarga o`tkaza oladilar, va fikrlash natijalarini bilib oladilar.
Natija: sardorlar tadbir tayyorlash haqida olgan bilim va ko`nikmalarini amalda qo`llashadi.

10-mavzu. Muvaffaqiyat moduli (2 soat).
«Muvaffaqiyat» kalitlari: paradigma (qoliplar) siljishi, fikrlash, strategik reja tuzish, madaniyat, oilaviy hayot, kasbiy moxirlik, jamoa.
«Reja tuzmaslik muvaffaqiyatsizlikni rejalashtirmok demakdir».
Kichik guruh bo`lib ishlash, guruhlar taqdimoti, jamoaviy munozara.
Natija: tinglovchilar muvaffaqiyat "sirlarini" tushunib yetadilar va muvaffaqiyat qozonishga barcha imkoniyatlarini ishga soladilar.

11-mavzu. Professionalizm (kasbiy mahorat) (2 soat).
Professionalizm tushunchasini aniqlash. Aqliy xujum: professionallarga xos xususiyatlar (bilim, malaka, ko`nikma, kompetentlik, tajriba, etika va hokazo).
Guruh bo`lib ishlash: 4 xil kasbni tanlab, kasbning mohir ustasiga ta`rif berish. Guruhlar taqdimoti.
Natija: Tinglovchilar kelajakda o`z kasbining mohir ustasi bo`lib yetishishi uchun nimalar qilish kerakligini aniqlaydilar va reja tuzadilar.

12- mavzu. Komillik (2 soat).
Muayan faoliyat doirasida eng yaxshi, birinchi, yetakchi bo`lish. Xarakter, talant, ko`nikma, malaka va intellektual saviyani tinimsiz yaxshilash. Kayzenning "Bugun kechadan yaxshirok, ertaga - bugundan yaxshiroq", - tamoyiliga amal qilish. Maqsad: muvaffaqiyat, hurmat-ehtiromga erishish, kelajak tasavvurini yaqinlashtirish. Vazifa:

  • Kuch, kuchsiz tomonlar, imkoniyat va tahdidni (SWOT-analysis) tahlil qilish va kuchsiz tomonlarni kamaytirish;
  • Kelgusi ishlar rejasini tuzish;
  • O`zga insonlar komilligiga intilish (ulug` ajdodlar, qahramonlar, rahbarlar);
  • Vaqt menejmenti; barcha fanlarni o`zlashtirish;
  • Har tomonlama rivojlanish;
  • Hech qachon o`zidan qoniqmaslik
  • O`z kasbini ustasi bo`lish va hokazo.

Natija: tinglovchilar erishgan yutuqlari bilan qoniqmay yanada har tomonlama rivojlanishga harakat qilishadi.

 

13-mavzu. Sardor - yo`lboshchi. Komandani boshqarish qobiliyati (Mezra o`yini) (2 soat).
Hayot baland-pastlikdan iborat. Har qanday sharoitda ham sardor o`zini yuqotmasdan, to`g`ri yo`nalish tanlab qaror qabul qilishi va o`zgalarga yo`lboshchilik qilishi kerak.
Ushbu tabiat quchog`ida o`tkaziladigan trening sardorlarga noma`lum muhitda, ekstremal holatlarda guruhdoshlariga sardorlik, yo`lboshchilik qilish ko`nikmasini beradi.
Natija: sardorning o`z-o`ziga ishonishi ortadi. Jamoa jipslashadi.

14-mavzu. Sardor - ijodkor shaxs (2 soat).
Sardorlarning «ochilmagan» qirralarini ochishga qaratilgan trening.
Tabiat quchog`ida, relaktiv muhitda tinglovchilar mustaqil ijod qilib «Men…» so`zi ishlatilishi shart bo`lgan she`r yaratadilar.
Natija: individual taqdimotlar va do`stlar olqishi sardor-talabalarga ko`tarinki ruh bag`ishlab, o`zlarining ochilmagan imkoniyatlari ko`pligiga ishonch hosil qildiradi.

15- mavzu. Hamkorlik va raqobatchilik (2 soat).
Zamonaviy sardor hamkorlik va raqobatchilik muhitida ishlay olishi kerak. Kichkina guruhlar bajaradigan mashqlar teng bo`lmagan manbalardan foydalanib ishlashga, manbalarni bir-birlari bilan ulashib ishlatishga qaratilgan bo`lib, hamkorlik va raqobat ruhini yuzaga keltiradi. Nizolar kelib chiqadi. Natijada turli guruhlar vazifani nostandart ravishda va har hil vaqtda bajaradi.
Natija: sardorlar hamkorlik va raqobatchilik qilishganda, sovuqqonlik bilan fikr yuritib jamoani ob`ektiv faoliyat yuritishga undashlari kerak.

16-mavzu. «Agar men…» texnologiyasi. Davra suhbati (2 soat).
Guruhlar turli rahbarlik rollarga bo`linadi: guruh sardori, fakultet dekani, universitet rektori va Oliy ta`lim vaziri. Har bir «rahbar» o`zi uchun «dolzarb» bo`lgan savolni o`zga rahbarga berib javob olishga harakat qiladi.
Natija: qatnashchilar turli rahbarlik lavozimlarni vaqtincha «egallab» bu vazifa mas`uliyatini, qiyinligini va qanday bilim, malaka va ko`nikmalar talab etishini anglab yetishadi.

17-mavzu. Tinglovchi sardor-talabalar tomonidan tayyorlangan tadbir yoki «Murabbiylik soati» namunalarining taqdimoti (2 soat).
Sardorlarning o`zlari tanlagan mavzularini himoyasini tashkil etish.

18-mavzu. Davra suhbati. Anketa o`tkazish (2 soat).
Seminarning yopilishi.