O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Iste`dod jamg`armasi

Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Kunduzgi maqsadli malaka oshirish kurslarida o`qish va tinglovchilarning o`zlashtirish darajasini baholash tartibi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti "Iste`dod" jamg’armasi Boshqaruvi yig’ilishining 2007 yil kungi 11-sonli bayoni bilan tasdiqlangan


O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Iste`dod" jamg’armasi bazasida tashkil etilgan kunduzgi maqsadli malaka oshirish kurslarida o`qish va tinglovchilarning o`zlashtirish darajasini baholash
T A R T I B I


1. Umumiy Qoidalar
1.1. "Iste`dod" jamg’armasi bazasida tashkil etilgan maqsadli malaka oshirish kurslari Jamg’arma Boshqaruvi yig’ilishining 2004 yil sentyabr oyidagi 4-sonli bayoni, Jamg’arma Boshqaruvi raisining ko`rsatmasi, shuningdek turli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar asosida tashkil etiladi. Ushbu kurslar Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi talablariga binoan, mamlakatimiz ta`lim tizimida faoliyat yuritayotgan yosh istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarning kasbiy mahoratlarini oshirish hamda ularning ma`naviy barkamolligini yuksaltirish borasida amalga oshiriladi.
1.2. Mazkur Tartib O`zbekiston Respublikasining "Ta`lim to`g’risida" gi va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to`g’risida"gi qonunlariga, Jamg’arma Nizomiga va boshqa tegishli qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda ishlab chiqilgan.
2. Maqsadli malaka oshirish kurslarini tashkil etish va o`tkazish shartlari
2.1. Jamg’arma bazasida tashkil etilgan maqsadli malaka oshirish kurslarining dasturi Jamg’arma Boshqaruvi Qarori asosida tasdiqlanadi;
2.2. Jamg’arma bazasida tashkil etilgan maqsadli malaka oshirish kurslarida Oliy va o`rta maxsus ta`limi, Xalq ta`limi, shuningdek tarkibida ta`lim muassasi bo`lgan barcha vazirliklar hamda o`rta maxsus va kasb-hunar Markazi tizimidagi ta`lim muassasalari rahbar xodimlari va yosh istiqbolli professor-o`qituvchilari hamda ilmiy xodimlarining ana shu vazirlik va idoralar rahbarlari bilan kelishilgan holda tuzilgan grafiklari asosida malakasini oshirish ta`minlanadi. Istisno tariqasida Jamg’arma Boshqaruvi raisining ko`rsatmasiga muvofiq alohida jadvallar asosida o`tkaziladigan maqsadli malaka oshirish kurslari ham tashkil etilishi mumkin.
2.3. Maqsadli malaka oshirish kurslarida o`tkaziladigan mashg’ulotlarning boshlanishi va yakunlanishi Jamg’arma qoshidagi masofali o`qitish Markazi tomonidan belgilangan tartibdagi dars jadvali asosida amalga oshiriladi;
2.4. Maqsadli malaka oshirish kurslarini yakunlagan tinglovchilarga o`zlashtirish natijasiga ko`ra belgilangan shakldagi sertifikat (yoki ma`lumotnoma)lar taqdim etiladi;
2.5. Maqsadli malaka oshirish kurslaridagi ma`ruza va amaliy mashg’ulotlar mamlakatimizning etakchi ta`lim muassasalaridan taklif etilgan yuqori malakali professor-o`qituvchilar tomonidan o`tkaziladi;
2.6. Jamg’arma bazasida tashkil etilgan maqsadli malaka oshirish kurslari bepul tarzda tashkil etilib, unda tinglovchilar kofe-breyk va tushlik ovqat bilan ta`minlanadilar. Shuningdek, viloyatlardan kelgan tinglovchilar uchun kechki ovqat va yotoqxona berilishi ko`zda tutilgan.
3. Maqsadli malaka oshirishga keladigan tinglovchilarga qo`yiladigan talablar
3.1. Maqsadli malaka oshirish kurslariga keladigan tinglovchilar:
- "Iste`dod" jamg’armasining www.istedod.uz sayti bilan to`liq tanishgan bo`lishi;
- malaka oshirish yo`nalishi bo`yicha yuqoridagi saytga kiritilgan o`quv dasturlari hamda kunduzgi maqsadli malaka oshirish kurslarida o`qish va tinglovchilarning o`zlashtirish darajasini baholash tartiblarini o`rgangan bo`lishi;
- shaxsiy elektron pochtasiga ega bo`lishi (internet tarmog’i va elektron pochtaga ega bo`lmagan ta`lim muassasalari pedagog-o`qituvchilari bundan istisno);
- kunduzgi malaka oshirish davomida Jamg’arma binosi va turar-joylarda o`rnatilgan ichki tartib-qoidalarga qat`iy tarzda rioya qilishi talab qilinadi;
3.2. Malaka oshirish mashg’ulotlari mobaynida sababsiz 8 va undan ortiq soat darslarga qatnashmagan tinglovchilar navbatdagi mashg’ulotlarga qo`yilmaydi.
4. Tinglovchilarning o`zlashtirish darajasini baholash tartibi
4.1. Maqsadli malaka oshirish kurslari bo`yicha tinglovchilarning o`zlashtirganlik darajasini baholash yakuniy nazorat (imtixon, suhbat, mualliflik himoyasi va test sinovlari) shaklida o`tkaziladi. Yakuniy nazorat 100 ballik tizimda amalga oshiriladi;
4.2. Maqsadli malaka oshirish kurslarini yakuniy nazorat natijalariga ko`ra muvaffaqiyatli o`zlashtirgan tinglovchilarga tegishli tartibdagi xujjat (sertifikat) taqdim etiladi va quyidagi ta`lim muassasalari bo`yicha taqsimlanadi:
4.2.1. Oliy ta`lim muassasalari pedagog va ilmiy xodimlari uchun 75 va undan yuqori foiz ball to`plagan tinglovchilarga;
4.2.2. O`rta maxsus, kasb-hunar markazi hamda xalq ta`limi vazirligi tasarrufidagi ta`lim muassasalari pedagog, ilmiy xodim va rahbarlari uchun 70 va undan yuqori foiz ball to`plagan tinglovchilarga;
4.3. O`zlashtirish natijasiga ko`ra sertifikat olmagan tinglovchilar uchun Markaz direktori tomonidan test sinovlarini qayta topshirish imkoniyati 6 oy mobaynida 1 marotaba beriladi;
4.4. Yakuniy nazorat natijalariga ko`ra malaka oshirish kurslarini o`zlashtirish darajasi 3.2.1. va 3.2.2. bandlarida ko`rsatilgan natijalardan kam ko`rsatkichga erishgan tinglovchilarga kurslarni tinglaganligi to`g’risida ma`lumotnoma beriladi. Ma`lumotnomada tinglovchining o`zlashtirish darajasi ko`rsatiladi;
4.5. Malaka oshirish kurslaridagi dars mashg’ulotlariga sababsiz qatnashmagan tinglovchilar yakunié nazorat natijalariga ko`ra to`plagan ballidan har bir qoldirilgan juftlik uchun 2 balldan chegirib tashlanadi;
4.6. Yakuniy nazorat sinovlarini uzrli sabablarga (tegishli tartibdagi xujjatlar bilan tasdiqlangan taqdirda) ko`ra topshirmagan tinglovchilarga Masofali o`qitish markazi direktori tomonidan imtixon va sinovlarni qayta topshirishga ruxsat berilishi mumkin;
4.7. Yakuniy nazorat natijalariga asoslanib, Markaz xodimlari tomonidan tegishli tartibdagi xisobot tuziladi. Ushbu xisobot Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi va bir yil mobaynida saqlanadi.
4.8. Bevosita mashg’ulotlarni olib borgan trenerlar va o`qituvchilar tomonidan qo`yilgan hamda test natijalari bo`yicha to`plangan ballar yakuniy deb hisoblanadi va uni o`zgartirish amaliyoti joriy qilinmaydi.
5. O`zlashtirish natijasiga ko`ra sertifikat va ma`lumotnomalarni taqdim etish tartibi
5.1. Maqsadli malaka oshirish kurslarini yakunlagan tinglovchilarga tegishli tartibdagi xujjat (sertifikat yoki ma`lumotnoma)lar Jamg’arma tomonidan tantanali tarzda taqdim etiladi.
5.2. Kurslarni yakunlagan tinglovchilarga topshiriladigan xujjat (sertifikat va ma`lumotnoma)lar 2 xil ko`rinishda bo`ladi. Sertifikat sariq rangli qog’ozda (2.1.1, 2.1.2 va 2.1.3-ilovalar), ma`lumotnoma (2.1.4-ilova) yashil rangli qog’ozda beriladi.
6. Sertifikat olgan tinglovchilar uchun mavjud imtiyozlar
6.1. Maqsadli malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli o`zlashtirib, bitta sertifikatga ega bo`lgan tinglovchilar rivojlangan mamlakatlarning etakchi ta`lim muassasalari va ilmiy markazlarida malaka oshirish uchun Jamg’arma tomonidan e`lon qilingan grant sovrindorlari tanlovida qatnashishi mumkin va u boshqa talabgor bilan bir xil natijaga erishgan taqdirda ustunlikka ega bo`ladi;
6.2. Ikkita sertifikat olgan tinglovchilar Jamg’armaning grant sovrindorlari tanlovining ikkinchi bosqichida o`tkaziladigan suhbatdan ozod qilinadi;
6.3. Maqsadli malaka oshirish kurslarining uchta sertifikatiga ega bo`lgan tinglovchilar Jamg’armaning grant sovrindorlari ro`yxatiga kiritilib, guruh tarkibida rivojlangan xorijiy mamlakatlarning etakchi ta`lim muassasalari va ilmiy markazlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
6.4. Maqsadli malaka oshirish kurslarini (kamida 144 soat) muvaffaqiyatli tugatgan ta`lim muassasalari pedagog-o`qituvchilariga berilgan sertifikat tegishli vazirliklar tomonidan tan olinadi va bu pedagog-o`qituvchilarning 3 yildan keyin navbatdagi malaka oshirish va qayta tayyorlash kursida o`qishi mumkin bo`ladi.



Kelishilgan:
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi
O`rta maxsus va kasb-hunar ta`lim markazi
Xalq ta`lim vazirligi