O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Iste`dod jamg`armasi

Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Xorijda malaka oshirish tartibi

Jamg`arma granti asosida Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay universitetiga malaka oshirishga yuborilayotgan guruh uchun



E S L A T M A



Malaka oshirishga borilayotgan davlat (Xitoy Xalq Respublikasi) to`g`risida qisqacha ma`lumot



Hududi:Xitoy Xalq Respublikasi - dunyoning eng katta davlatlaridan biri bo`lib, uning hududi 9,6 mln kv.km ga teng.
Aholisi:Xitoy aholisi qarayib 1,5 mlrd. kishiga teng. Aholining 90% dan oshig`ini - xitoyliklar, qolgan qismini boshqa millat vakillari tashkil etadi.
Poytaxti:Pekin shahri.
Vaqti:Toshkent vaqtidan 4 soat oldin.
Tili:Davlat tili - xitoy tili.
Yirik shaharlari:Shanxay (14,6 mln kishi), Pekin (12,4 mln kishi), Tyanszin (9,5 mln kishi) va boshqalar.


Pul birligi:XXR milliy pul birligi - yuan. 1, 2, 5, 10, 50 i 100 yuanlar muomalada ishlatiladi, shuningdek 1 yuan tanga puli ham mavjud. 1/10 yuan rasman "szyao" deyiladi va 1, 2 i 5 szyaolar muomalada ishlatiladi. Ushbu birlik (szyao) xalq tilida mao deb ham yuritiladi.
Valyuta almashuvi:Dollarni yuanga almashtirish jarayoni banklarda va mehmonxonalarda hamda pul almashtirish shahobchalarida amalga oshiriladi. 1 dollar - 7.5 yuanga to`g`ri keladi. Teskari almashtirish (yuanni dollarga nisbatan) amaliyoti qo`llanilmaydi.
Tijorat banklari soat 8.00 dan 17.00 gacha va shanba kunlari soat 8.00 dan 11.30 gacha ishlaydi.
Bayram va dam olish kunlari:Xitoy Xalq Respublikasida rasmiy bayram va dam olish kunlari quyidagicha: 1 yanvar (Yangi yil), yanvar-fevral (Xitoy kalendari bo`yicha yangi yil, Bahor bayrami), 8 mart (Xalqaro xotin-qizlar bayrami), 12 mart (Ko`chat ekish kuni), 1 may (Xalqaro mehnatkashlar birdamligi kuni), 4 may (Xitoy yoshlari kuni), 1 iyun (Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni), 1 avgust (Xitoy milliy ozodlik armiyasi kuni), 10 sentyabr (O`qituvchilar kuni), 1 oktyabr (XXR ta`limi milliy bayrami).
Milliy xususiyatlari:Xitoy xalqi kattalarga hurmat, kichiklarga izzat aqidasiga amal qiladi, shuningdek ularda bilim olishga va kitob o`qishga nisbatan hurmat beqiyosdir. Xitoyliklar bir-biriga qo`l berib so`rashadi.
Xitoyga boruvchi guruh a`zolari hamda borilayotgan ta`lim muassasasi professor-o`qituvchilari bilan tanishuv chog`ida albatta tashrif qog`oz(vizitka)lari bo`lishi talab etiladi.
Kiyinish madaniyati:Xitoy aholisi oddiy kiyim kiyishadi. Shuning uchun u yerga borilganda o`zini ko`z-ko`z qiluvchi kiyimlar olish tavsiya qilinmaydi. Rasmiy tadbir va uchrashuvlarga erkaklar kostyum-shim va galstukda, ayollar ham shunga mos ravishda, ortiqcha dabdabalarsiz kiyinishlari maqsadga muvofiq bo`ladi.
Iqlimi va ob-havosi:Xitoy hududining katta qismi mo``tadil va subtropik, janubiy qismi esa tropik iqlim mintaqasida joylashgan. Yoz oylari - kamyog`in bo`lib, issiq bo`ladi (o`rtacha harorat +32 C). Xitoyning shimoli va shimoli-sharqida qish oylarida eng past ko`rsatkich -25C gacha, markaziy qismida qishki harorat -5C dan kam bo`lmaydi. Xususan Shanxayda har to`rt faslni ham ko`rish mumkin. Qishda harorat 0 C dan past bo`lishi va yozda o`rtacha harorat 32 C ni tashkil etishi mumkin. Janubiy hududlarda esa qish bo`lmaydi va shuning uchun yil davomida issiq bo`ladi (o`rtacha harorat +30C, suv harorati +22C).

Shanxay - Xitoyning moliyaviy va madaniy markazi

Shanxay - nafaqat Xitoy Xalq Respublikasining, balki dunyoning yirik shaharlaridan biri.
Shanxay yirik metropoliya, katta portlarga ega bo`lgan zarur iqtisodiy va savdo markazlaridan biri. Shanxay shuningdek, sanoati rivojlangan shaharlardan, uning hissasiga mamlakatda ishlab chiqarilayotgan milliy daromadning 1/6 qismi to`g`ri keladi.


Shanxay Xitoyning boshqa yirik shaharlariga nisbatan universitetlar, maktablar, ilmiy muassasalar va laboratoriyalar sonining ko`pligi bilan ajralib turadi.

Xitoy Xalq Respublikasi ta`lim tizimi

Xitoy ta'lim tizimi o`ziga maktabgacha ta'lim, boshlang`ich ta'lim, to`liqsiz o`rta ta'lim, o`rta ta'lim, universitet, aspirantura bosqichlarini qamrab olgan. Xitoy Xalq Respublikasining "Majburiy ta'lim" to`g`risidagi qonuniga muvofiq, 9-yillik ta'lim davlat tomonidan majburiydir.
Xitoy boshlang`ich maktablarida 140 mln. ga yaqin bolalarni o`qishi yo`lga qo`yilgan. Har yili boshlang`ich maktablariga 6 yoshli bolalarning 98.8% i qabul qilinadi. O`rta maktablarda 60 mln. o`quvchi o`qiydi, oliy ta'lim muassasalarida esa talabalar soni 3 mln. dan ortiqni tashkil etadi.
O`quv yili 1 sentyabrdan boshlanib, iyul oyining boshlarida yakunlanadi. Ta'limda talabalar bilimini baholash uchun kredit tizimi amal qiladi. O`quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va innovasion pedagogik texnologiyalar tatbiq qilingan.

Shanxay universiteti haqida


Shanxay universiteti Xitoyning eng nufuzli, yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Hozirgi paytda universitet mamlakat iqtisodiyotining turli soha va tarmoqlari uchun zarur bo`lgan, zamonaviy talablarga to`liq javob beradigan mutaxassislarni tayyorlab bermoqda.
Universitetda 58 ta bakalavr dasturi, 64 ta magistr dasturi, muhandislik ilmiy darajasi uchun 7 ta mutaxassislik dasturi, axborot muhandislik, matematika, elektronika va kommunikasiya, metallurgiya, dinamika sohalarini qamrab olgan 7 ta nomzodlik va 16 ta doktorlik dasturlari mavjud. Bundan tashqari Shanxay universiteti 2010 kishilik professor-o`qituvchilar kontingentiga ega, ulardan 337 tasi professor va 687 tasi fan nomzodlaridir. Ushbu professorlardan 7 tasi Xitoy muhandislik akademiyasi va Xitoy fanlar akademiyasi akademiklaridir.
Bugungi kunda Shanxay universitetida 30 mingdan ziyod talabalar tahsil oladilar. Ushbu universitetning 72 ta ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalari mavjud.

Xorijga malaka oshirishga boruvchi grant sovrindoriga zaruriy tavsiya va topshiriqlar


Umumiy qoidalar:



1.Malaka oshirish uchun borilayotgan davlat to`g`risida qisqacha ma'lumotga ega bo`lish;
2.Stajirovka o`tkaziladigan davlat ta'lim tizimi hamda oliy ta'lim muassasasalari, shuningdek borilayotgan o`quv yurti haqida zaruriy ma'lumotlarni internet axborot resurslari va adabiyotlar yordamida qidirib topish hamda o`rganib chiqish;
3.Xorijga chiqish bilan bog`liq barcha hujjatlarni o`z vaqtida tayyorlash.

Nimalarga e'tibor qaratish kerak?


1.O`zbekiston Respublikasi hamda ishlayotgan ta'lim muassasasi to`g`risidagi umumiy ma'lumotlarga ega bo`lish;
2.Malaka oshirishga borilayotgan davlatning o`ziga xos xususiyatlarini o`rganish, qonun-qoidalari va urf-odatlarini hurmat qilish;
3.Xorijiy ta'lim muassasasining infrasrukturasi (dars xonalari, kutubxona, yotoqxona, oshxona va hokazo) ni avaylab asrash.

Zaruriy maslahatlar:


1.Malaka oshirishga borilayotgan ta'lim muassasasi yoki mamlakat ta'lim tizimidagi ijobiy tajribalar, ularni mamlakatimiz ta'lim tizimida qo`llash borasidagi takliflari ifodalangan xorijiy tillardan birida tayyorlangan, puxta ishlangan va tahririyat kengashining tavsiyasi asosidagi ilmiy maqola yoki tezislar chop etish;
2.Malaka oshirish davomida ta'lim muassasasining kompyuter va internet tarmog`idan, kutubxona va axborot resurslaridan samarali foydalanish;
3.Sohangiz bo`yicha dars o`tish samarasini oshirishga xizmat qiluvchi o`quv qo`llanmalarni yig`ish;
4.Xorijiy ta'lim muassasasi o`quv kataloglari, rejalari, dasturlari va standartlarini mamlakatimiz ta'lim tizimi standartlari bilan taqqoslash;
5.Malaka oshirishning ijobiy va salbiy tomonlarini inobatga olgan holda kundalik daftarni doimiy ravishda to`ldirib borish.

Malaka oshirish davrida yurish-turish qoidalari:


1.Malaka oshiriladigan ta'lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga, jumladan turar-joy (yotoqxona)dagi o`rnatilgan tartib va qoidalarga so`zsiz amal qilish;
2.Darslar, rasmiy uchrashuv va tadbirlarga dasturda belgilangan vaqtda borish;
3.O`tkazilayotgan dars jarayonlarida to`liq qatnashish va unda faol ishtirok etish;
4.Dars o`tayotgan professor-o`qituvchilarga nisbatan o`zaro hurmat nuqtai-nazaridan qarash;
5.Xorijdagi ta'lim muassasasi bilan kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish;
6.Guruh rahbarining ko`rsatma va topshiriqlariga so`zsiz amal qilish;
7.Malaka oshirish davrida kelib chiqadigan tashkiliy masalalarni hal qilish borasida guruh rahbariga murojaat qilish;

Nimalardan qochish kerak?


1.Malaka oshirish davomida har xil guruhbozlik, urug`-aymoqchilik, mahalliychilik va millatchilik kabi yomon illatlarni ifoda etishdan;
2.Guruh a'zolari o`rtasida o`zaro janjalga sabab bo`ladigan har qanday hodisani keltirib chiqarishdan;
3.Jamg`arma grant sovrindorlari va xorijdagi ta'lim muassasasi professor-o`qituvchilari hamda tashkilotchilarga nisbatan qo`pol muomalada bo`lishdan;
4.Spirtli ichimliklar ichish va tamaki mahsulotlarini chekish qoidalariga rioya qilmaslikdan.

Kiyinish madaniyati:


Malaka oshirishga boruvchi har bir professor-o`qituvchi timsolida O`zbekiston gavdalanishi, shuningdek ular O`zbekiston Respublikasi Prezidentining grant sovrindorlari ekanligini inobatga olgan holda, kiyinishga alohida e'tibor qaratish talab etiladi. Jumladan:
1.Darslarga hamda rasmiy uchrashuvlarga borilganda erkaklar kostyum-shim va galstukda bo`lishlari, ayollar esa ortiqcha dabdabalarsiz kamtarona kiyingan bo`lishlari lozim;
2.Ommaviy tadbirlarda esa imkon qadar milliy kiyimda yoki davlat ramzlari tushirilgan kiyimda ishtirok etish tavsiya qilinadi;
3.Shaharni sayr qilishda, shuningdek tarixiy yodgorliklarni ziyorat qilishga borilganda hamda boshqa turistik dam olishga chiqilganda erkin kiyim (futbolka, jinsi shim, krossovkalar va boshqa shu kabi kiyimlar)da yurish mumkin.

Muomala madaniyati:


1.Malaka oshirishga borilgan mamlakatning tarixi, madaniyati, tili va an'analariga hurmat nuqtai-nazaridan qaragan holda muomala qilish;
2.Grant sovrindorlari tashrif buyurgan ta'lim muassasasi professor-o`qituvchilar kontingenti hamda tashkilotchilar bilan muomala madaniyatiga rioya qilgan holda muloqot qilishi talab etiladi;
3.Jamoat joylarida bir-birlari bilan muloqot qilganda axloq-odob normalariga rioya qilgan holda, imkon qadar past ovozda gapirish maqsadga muvofiq.

Ovqatlanish qoidalari:


1.Malaka oshirish davomida tashkil etilgan uch mahal ovqat (nonushta, tushlik va kechki ovqat) vaqtida ovqatlanish madaniyatiga rioya qilgan holda taomlarni iste'mol qilish maqsadga muvofiqdir;
2.Rasmiy uchrashuvlar va ommaviy tadbirlar munosabati bilan tashkil etilgan ovqatlanish (shvedskiy stol) paytida imkon qadar kamtarona ovqatlanish, turli taomlarni iste'mol qilishda isrofgarchilikka yo`l qo`ymaslik talab etiladi.

Jamg`arma granti asosida xorijning ilg`or ta'lim muassasalari va ilmiy markazlariga malaka oshirishga boruvchilar tomonidan tayyorlangan ilmiy maqola va tezislar nashr etilishi borasidagi

ESLATMA


1) Ilmiy maqola va tezislarning yozilish sifatiga qo`yiladigan talablar:
a) taqdim qilinayotgan ilmiy maqola yoki tezislar respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarning, shuningdek Jamg`armaning ustuvor yo`nalishlariga muvofiq kelishi;
b) ilmiy maqola va tezislar xorijda malaka oshirish va tajriba almashish yo`nalishiga mos kelishi;
v) ma'ruza materiallari orfografik va stilistik xatolarsiz, aniq, tushunarli va ravon tilda (xorijiy tillardan birida) yozilishi hamda xorijda malaka oshirish boshlanishidan kamida 5 (besh) kun oldin topshirilishi;
g) avvalgi nashrlarda chop etilgan ilmiy maqola va tezislarni takrorlamasligi;
d) ilmiy maqola yoki tezislar matni mavzuga kirish bilan boshlanib, yoritilayotgan tizimning samarali ishlash mexanizmi, undagi muammolar va ularni bartaraf etish yo`llari keltirilib, xulosa va takliflar bilan yakunlanishi lozim.
2) Ilmiy maqola va tezislarni rasmiylashtirish borasidagi talablar:
a) ma`ruza materiallari 1,5 intervalda Word dasturida Times New Roman 14 shriftida yuqoridan 20 mm, chapdan 30 mm, pastdan 20 mm, o`ngdan 15 mm ochiq joy qoldirilib terilgan holda, xorijiy tillardan birida yozilishi hamda 3-6 bet hajmdan ortmasligi;
b) muallifning familiyasi, ismi va sharifi, ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni yozilib, undan so`ng ilmiy maqola yoki tezisning nomi va matni keltirilishi;
v) ma`ruza materiallarining elektron va qog`ozga chiqarilgan variantlari 1(bir) nusxada guruh rahbariga belgilangan muddatda topshirilishi talab etiladi* .
Taqdim qilinayotgan ilmiy maqola va tezislar maxsus komissiya (tahririy kengash) tomonidan o`rganib chiqiladi hamda belgilangan talablarga javob bergan ilmiy maqola va tezislar nashr etish uchun qabul qilinadi.

*Belgilangan muddatlarda taqdim etilmagan maqolalar nashr uchun qabul qilinmaydi.