Anonim so`rov

Bu saytni borligini qayerdan bildingiz?

Yoshlarimizning teran tafakkuri “XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostidagi ilmiy-amaliy konferensiyada yaqqol namoyon bo‘ldi

Ilm-fan – mamlakat taraqqiyotining asosidir. Yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, iinovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, iqtisodiyotni rivojlantirishga erishiladi.

Mana shu maqsadga qaratilgan «XXI asr – intellektual avlod asri» shiori ostidagi ilmiy-amaliy konferensiya mamlakatimiz yoshlarining ilmiy salohiyati yuqoriligi, tafakkur ufqlari kengligini namoyish etdi. Toshkent moliya institutida bo‘lib o‘tgan tadbirning ochilish marosimida navqiron avlodni intellektual salohiyatli, zukko qilib tarbiyalashning ahamiyati yuqoriligi ta’kidlandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, O’zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan mazkur konferensiyaning hududiy bosqichlari respublikamizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tdi.


Anjumanda ijtimoiy-gumanitar, tabiiy, aniq, texnika fanlari yo‘nalishlarida qariyb 1600 nafar yosh iqtidorli olim va talabalar qatnashdi. Ishtirokchilarning ilmiy maqolalari 11 jildlik to‘plam holida chop etilib, ta’lim muassasalariga tarqatildi.

Respublika bosqichida hududiy konferensiyalarda g‘olib deb topilgan 122 nafar yosh olim va talabalar ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi. Eng muhimi, konferensiya sho‘‘balaridagi muhokamalarda ilm-fan va ta’lim tizimining yetakchi namoyandalari – akademiklar moderatorlik vazifasini bajarishdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ustozlarning ilmiy va hayotiy tajribalaridan samarali foydalanish, ayni paytda avlodlar o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini mustahkamlashdan iboratdir.

- Anjumanning yalpi yig‘ilishida «Matematikani o‘qitishda Sharq allomalarining merosidan foydalanishning o‘ziga xosligi» mavzusidagi ma’ruzam bilan qatnashdim, - deydi Andijon davlat universiteti talabasi N.Abdullayeva. – Matematikani o‘qitish jarayonida ajdodlarimizning boy ilmiy merosidan foydalanish o‘quvchilarning matematikaga qiziqishini yanada orttirish, ularni yuksak ma’naviyatli etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, irratsional sonlar mavzusini o‘tishda o‘qituvchi Abu Rayhon Beruniy aylana uzunligining o‘z diametriga nisbati irratsional son ekanini ta’kidlagani, funksiya tushunchasini o‘rganishda erkli o‘zgaruvchi va erksiz o‘zgaruvchilarning o‘zgarish oraliqlari, funksiyaning ishoralari, eng katta va eng kichik qiymatlari ta’riflarini keltirgani, sinuslar va tangenslar jadvalini berganini aytib o‘tish kerak.

Anjumanda «Ananas o‘simligi va uni o‘stirish yo‘llari», «Operativ funksional himoya ko‘zoynagi», «Fizika fanida masala yechishning yangi 3+6 texnologiyasi», «Organik chiqindilarni termo-kimyoviy qayta ishlash uchun piroliz qurilmasi» kabi ma’ruzalar barchaning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Eng yaxshi ilmiy tadqiqotlar mualliflari Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Sanobar JUMANOVA,
«Ma’rifat» muxbiri
2017 yil 14 yanvar